2022 yil 1 iyuldan har yili 1 million nafargacha aholi virusli gepatit B va C turlariga skrining tekshiruvlaridan o‘tkaziladi. Bu prezidentning 16 maydagi «Ayrim dolzarb virusli infeksiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorida qayd etilgan.

Shuningdek, mazkur sanadan boshlab polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) tekshiruvlari soni 15 ming nafargacha, virusli gepatit C turi bilan kasallangan bemorlarni davolashni 10,5 ming nafargacha yetkaziladi.

2022 yil 1 sentabrdan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 190-moddasida (Fohishalik bilan shug‘ullanish) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikni belgilash bilan birga ularni o‘z hisobidan gepatitning B va C turlariga skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.

2022 yil 1 iyuldan nodavlat tibbiyot tashkilotlari qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlayotgan o‘z xodimlarini gepatit B infeksiyasiga qarshi emlashni, shuningdek, Reyestr ishga tushgan paytdan boshlab bu haqdagi ma’lumotning Reyestrga kiritib borilishini ta’minlashi kerak. Bunda, emlanmagan xodimlarni emlash ularning asosiy ish joyi bo‘lgan tibbiyot tashkilotlari hisobidan amalga oshiriladi. 2024 yil 1 yanvardan mazkur talab tibbiy faoliyatni litsenziyalash talablari va shartlaridan biri hisoblanadi.

2022 yil 1 noyabrga qadar SSV muassisligida «IT-Med» MCHJ tomonidan jigar surunkali virusli kasalliklarining yagona elektron reyestri ishlab chiqiladi, shuningdek, kelgusida uning texnik va dasturiy qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlanadi.

2023 yil 1 yanvarga qadar reyestrni yuritishni qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlaydigan xodimlarga ega bo‘lgan davolash-profilaktika muassasalari, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha tibbiyot tashkilotlariga joriy qilib, ularning o‘zaro integratsiyasini yo‘lga qo‘yiladi.

Davolash-profilaktika muassasalari va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida yuqumli kasalliklarga, shu jumladan, surunkali virusli gepatitlarga tashxis qo‘yish va ularni davolash standartlarini takomillashtiriladi hamda ularga rioya qilinishi ustidan nazorat kuchaytiriladi.