O‘zbekiston bank tizimida imtiyozli kreditlash amaliyoti keng tarqalgan, lekin imtiyozli shartlardagi kreditlar hajmi va ulushi tobora kamayib bormoqda. Bu haqda regulyator o‘zining hisobotida ma’lum qildi.

Imtiyozli kreditlar — tarkibiga milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha foiz stavkasi ajratilgan vaqtdagi Markaziy bank asosiy stavkasiga teng yoki past bo‘lgan kreditlar va xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha manbasi davlat kafolati ostida jalb etilgan tashqi kredit liniyalari bo‘lgan kreditlar kiritilgan.

Xususan, jami ajratilgan kreditlarda imtiyozli kreditlarning ulushi 2019 yil yanvar oyidagi 60,5 foizdan 2021 yil dekabrda 18,2 foizgacha pasayib, tijoriy shartlarda bozor tamoyillari asosida ajratilayotgan kreditlar hajmining ortib borayotganligini bildiradi.

Markaziy bank qator xorijiy tadqiqotlarga tayanib, imtiyozli kreditlash amaliyotining makroiqtisodiy samaradorligi past ekanligini ta’kidlamoqda. Samarali pul-kredit siyosati uchun ham imtiyozli kreditlash amaliyoti asosiy muammolardan hisoblanadi.

Prezidentning 2019 yil 18 noyabrdagi farmoni bilan barcha imtiyozli kreditlar 2020 yil 1 yanvardan boshlab MBning asosiy stavkasidan kam bo‘lmagan foiz stavkalarida va 2021 yil 1 yanvardan boshlab bozor stavkalarida ajratilishi belgilangandi.

Biroq, koronavirus pandemiyasi va uning oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz sharoitida aholining tadbirkorlik faoliyatini qo‘llabquvvatlash maqsadida 2021 yilda ham oilaviy tadbirkorlik davlat dasturlari bo‘yicha kreditlarni Markaziy bank asosiy stavkasida berish amaliyoti davom ettirildi.

Kompensatsiya mexanizmi orqali zarur hollarda tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan qarz oluvchilarga, ayrim soha va yo‘nalishlarning rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida ular olgan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan to‘lab berish amaliyoti joriy etilmoqda.


Imtiyozli kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari o‘suvchi dinamikaga ega bo‘lib, yuqoridagi qarorlar va mexanizm hisobiga milliy valyutadagi imtiyozli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 2019 yil yanvardagi 8,5 foizdan 2021 dekabrda 11,4 foizgacha ko‘tarildi va MB asosiy stavkasidan tafovuti qisqarib bormoqda.

Shunga qaramasdan, imtiyozli kreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 11,1 foizga kamaytirilganidan so‘ng, 2022 yil mart oyiga kelib yana 11,5% ga ko‘tarildi. Biroq, Markaziy bankning asosiy stavkasi bilan o‘rtadagi farq u 17 foizga ko‘tarilgach yana oshib ketdi.


Bank tizimida imtiyozli kreditlash amaliyotining qisqarib borayotganligi va ular bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkalarining asosiy stavkaga yaqinlashishi, o‘z navbatida, pul-kredit siyosati sohasida qabul qilinayotgan qarorlarning iqtisodiyotga o‘tish samaradorligining ortishiga ham xizmat qiladi.

Yil boshida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 2021 yildan O‘zbekistonda imtiyozli kreditlash siyosatini bekor qilish rejalashtirilganligi, biroq koronavirus pandemiyasi tufayli bu rejalarni keyinga surishga to‘g‘ri kelganini ta’kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili imtiyozli shartlarda kreditlarning 24,6 foizi berilgan va bu 2018 yilga nisbatan 2 barobar kamdir. Shu bilan birga, imtiyozli kredit portfeli tarkibida muammoli kreditlarning ulushi yuqori darajada qolmoqda.

Shunga qaramasdan «Gazeta.uz» mart oyida 2017−2021 yillarda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilgan va qaytarilmagan muammoli kreditlarni mahalliy budjetlarning rejadan oshirib bajarilgan qismidan qoplanishi mumkinligi haqida yozgandi.

2020 yilning mart oyida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov «imtiyozli kreditlar bor joyda, albatta, noto‘g‘ri foydalanish tendensiyasi va korrupsion unsurlar bo‘ladi», — deya ta’kidlagandi.