Iyul oyi oxirida Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Bu haqda 13 may kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov ma’lum qildi.

Vladimir Norov «doimiy geosiyosiy notinchlik, xalqaro munosabatlarning tubdan o‘zgarishi, beqarorlik va noaniqlik omillarining kuchayib borishi, mahalliy darajadagi qurolli to‘qnashuv o‘choqlarining keskinlashishi, terroristik kuchlarning faolligi va ekologik muammolarning vayronkor oqibatlari ortib borayotgani»ni qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu inqirozli vaziyatlar butun Hamdo‘stlik hududiga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, mintaqadagi tinchlik va xavfsizlik, siyosiy barqarorlik, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqqiyot uchun yangi tahdidlarni keltirib chiqarmoqda.

Norov MDH doirasidagi hamkorlikning qator ustuvor ahamiyatga ega yo‘nalishlarini sanab o‘tdi.

Xususan, uning so‘zlariga ko‘ra, erkin savdo zonasi to‘g‘risidagi Shartnomaning salohiyatidan foydalanish, yaqin fursatlarda xizmatlarning erkin savdo-sotig‘i to‘g‘risida bitimni imzolashga erishish, tovar va xizmatlar harakatlanishi yo‘lida qolayotgan to‘siqlarni bartaraf etish, o‘zaro savdo-sotiqni raqamlashtirish, transport-tranzit kommunikatsiyalarini takomillashtirish, o‘zaro investitsiyalarni hamda korxona va mintaqalar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyatni davom ettirish lozim.

U hamkorlarni joriy yilda Toshkent shahrida Sanoat kooperatsiyasi va MDH Mintaqalararo hamkorlik forumlarining o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Vladimir Norov, shuningdek, MDH hududida, birinchi o‘rinda «Shimol-Janub» yo‘nalishidagi mintaqalararo va transkontinental transport yo‘laklari tizimini, shu jumladan «Termiz — Mozori-Sharif — Qobul — Peshavor» yo‘nalishidagi temir yo‘lini diversifikatsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligini aytdi.

«Afg‘onistonga to‘xtalganda, afsuski, xalqaro hamjamiyatning ushbu mamlakatdagi vaziyatga e’tibori susayganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Ayni paytda u yerdagi vaziyat og‘ir iqtisodiy inqiroz va qiyin gumanitar vaziyat keskinligicha qolib, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlar saqlanib qolmoqda», — dedi u.

Uning fikricha, xalqaro hamjamiyat ushbu mamlakatning bugungi kuni va kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi hamda Afg‘onistonning og‘ir ijtimoiy muammolarini hal qilishda yordamni davom ettirishga qaratilgan aniq choralarni ko‘rishi kerak.

TIV rahbarining ma’lum qilishicha, Ramazon hayiti arafasida O‘zbekistondan Afg‘onistonga 58 vagondan iborat, 4 ming tonnadan ortiq oziq-ovqat, dori-darmon va kiyim-kechak yuklangan yana bir gumanitar yordam poyezdi jo‘natildi.

«Joriy yil iyul oyi oxirida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha oliy darajadagi xalqaro konferensiya ushbu masalalarni dolzarblashtirish va har tomonlama muhokama qilish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Afg‘on muammosini hal etish borasidagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirish maqsadida sizlarni ushbu muhim tadbirda ishtirok etishga taklif etamiz» — dedi u.

Vladimir Norov, shuningdek, joriy yil MDH Ijodiy va ilmiy ziyolilarining navbatdagi forumi O‘zbekistonda o‘tkazilishini alohida ta’kidladi. U bu yil MDH Parlamentlararo assambleyasi tashkil etilganining 30 yilligi nishonlanishi haqida aytib, ushbu sanani nishonlash doirasida O‘zbekiston prezidenti tomonidan Parlamentlararo assambleyaning, shu jumladan uning yoshlar qanoti — Yoshlar Parlamentlararo assambleyasining navbatdagi yig‘ilishini joriy yil kuz faslida Toshkent shahrida o‘tkazilishi taklif etilganini ma’lum qildi.

TIV rahbari Samarqanddagi «Ipak yo‘li» turizm xalqaro universitetiga turizm sohasidagi MDH bazaviy tashkiloti maqomini berish qarorini qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun hamkor-davlatlarga minnatdorlik bildirdi.

«Hamdo‘stlik mamlakatlari yoshlariga O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘lidagi dunyoga mashhur — Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida turizm sohasida amaliy mashg‘ulotlar olib borishlari hamda yashash va ta’lim olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan ushbu zamonaviy oliygohda bilim olishni va malaka orttirishni taklif qilamiz», — dedi u.