O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda g‘alla yetishtirish, jumladan, bug‘doy narxini liberallashtirish borasidagi islohotlar haqida e’lon qildi.

Avvalroq yozganimizdek, 1 iyundan davlat bug‘doyni bozor narxlarida sotib oladi. Fermerlar va klasterlarga o‘z donlarini fond birjasida sotishlari uchun imkoniyatlar yaratiladi. Bug‘doy narxi 1,55 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha oshadi. Shu bilan birga, fermerlarga iyul-avgust oylarida fond birjasida shakllangan o‘rtacha narxlar asosida ijobiy farq to‘lanadi.

«O‘zdonmahsulot» kompaniyasi va uning 43 korxonasi bozor sharoitida ish boshlaydi. Agar hozir ular 1 kg bug‘doyni 1550 so‘mdan sotib olib, 1 kg donni 2485 so‘mdan sotayotgan bo‘lsa, endi «O‘zdonmahsulot» ham, xususiy korxonalar ham fond birjasi orqali bozor narxlarida un ishlab chiqarish uchun bug‘doy sotib oladi.

«Gazeta.uz» islohotlar un va non narxiga qanday ta’sir qilishini bilish maqsadida Moliya vazirligi Agrosanoat majmuasi va atrof-muhitni muhofaza qilish moliyasi departamenti direktori To‘lqin Mirzayev bilan suhbatlashdi.

Moliya vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda un narxi asosan bozor tamoyillari bilan belgilanadi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga tayanib, u may oyining boshida 1 kg import va mahalliy unning o‘rtacha chakana narxi 5400 so‘mdan ekanligini ta’kidladi. Shunga qaramasdan, birinchi navli un narxi Qoraqalpog‘istonda o‘rtacha 5820 so‘m, Toshkentda — 5690 so‘m, Buxoroda — 5600 so‘m. Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida esa — 5000 so‘mgacha etib belgilangan.

«Un narxi uning sifatiga ham bog‘liq. Qaysidir don korxonalari modernizatsiya qilingan bo‘lsa yuqori sifatli un ishlab chiqarishi mumkin, shuning uchun ham ularning narxi yuqori bo‘ladi. Agar eski tegirmonlar bo‘lsa unda narxi pastroq bo‘ladi», — dedi u.

To‘lqin Mirzayevning qayd etishicha, davlat xarididan tashqari bozorda g‘alla bir tonnasi uchun 3,5−4,2 mln so‘mga sotilmoqda. Birjada mahalliy bug‘doy ham taklif yetiladi, ammo kichik hajmlarda. Xususan, birinchi chorakda 7000 tonna sotuvga qo‘yildi.

«Bizning fikrimizcha, mavsumiy bug‘doy yig‘im-terimi paytida fond birjasida donning qiymati bir tonna uchun 3−3,5 mln so‘m bo‘lishi, keyin mavsum o‘tgach sal ko‘tarilishi mumkin. Agar hozir bozorlarda bug‘doy narxi 4 mln so‘m atrofida bo‘lsa, birjaga qo‘yilgandan so‘ng, qiymat ushbu chegaralar atrofida shakllanadi», — dedi u.

Un va (lepyoshka — yopgan non) nonga kelsak, bunda narxlarda sezilarli o‘zgarishlar kutilmayapti.

«Davlat hozir donni 1,55 mln so‘mdan sotib olayapti va sotuvga qo‘ymayapti, balki dislokatsiya bo‘yia mahallalarda tarqatilayapti. U yerlarda unning narxi arzonroq. Lekin bu jami aholining un iste’molining 20−30 foizini tashkil qiladi. Shuning uchun u bozorga ta’sir qila olmaydi», — dedi departament rahbari.

2021 yilda O‘zbekistonda umumiy don iste’moli 8,6 mln tonnani tashkil etdi, shundan 2 mln tonnadan sal ko‘prog‘i davlat xaridlari hisobiga to‘g‘ri keladi. «Ya’ni unning ko‘p qismi bozor narxida fermerlarning qo‘lida qolgan yoki Qozog‘istondan kelgan bug‘doy hisobiga ishlab chiqarilayapti. Bundan tashqari, bu yerda yana katta hajmda qozoq uni import qilinayotganini ham qayd etish kerak. O‘tgan yili 3,2 mln tonna bug‘doy import qilingan. Bug‘doy va un bozorining 70−80 foizi bozor narxlarida shakllanmoqda», — deya ta’kidladi u.

To‘lqin Mirzayev 2022 yilda O‘zbekistonda bug‘doy hosili 1−1,5 mln tonnaga ko‘proq (2021 yilda 6 mln tonnadan sal ko‘proq yetishtirilgan), Qozog‘istonda — 1,5−2 mln tonnaga, Rossiyada esa — 7,5−8 mln tonnaga ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda. Ukrainada esa hosil 15 mln tonnaga — 42 mln tonnadan 27 mln tonnagacha kamayishi kutilmoqda. Ushbu defitsit qisman boshqa mamlakatlarda hosil hajmining ko‘payishi bilan qoplanadi.

Moliya vazirligi vakilining aytishicha, Qozog‘iston o‘z bug‘doyining 80−85 foizini Markaziy Osiyoga eksport qiladi, shu tufayli mintaqada don narxining keskin o‘zgarishi kutilmayapti.

Bundan tashqari, islohotlar arzon narxli unni sotishni bekor qilishni o‘z ichiga oladi. Shu munosabat bilan hukumat tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. «Biz ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash instrumentlarini ishlatamiz. Xususan, bir martalik yordam ajratish chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda», — dedi u.

Qolipli non (buxanka) narxlari qisman erkinlashtirilgach, davlat aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga har oyda 50 ming so‘m tovon puli to‘ladi. Keyinchalik bu miqdor 498 ming so‘m qilib belgilangan eng kam iste’mol xarajatlari mexanizmi tarkibiga kiritildi. Iste’mol xarajatlari mexanizmi o‘sishi bilan pensiya va nafaqalar miqdori ham o‘sib bormoqda.

Bundan tashqari, ijtimoiy nafaqalar qamrovi ham oshdi. sentabr oyida nafaqalar oluvchilari soni 1,3 mln atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugunga kelib ular 1,9 mln nafardan oshib ketdi, deb ma’lum qildi Moliya vazirligi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ham g‘alla islohotining erkin bozordagi un va non narxlariga hech qanday ta’siri bo‘lmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yagona ta’sir sezilishi mumkin bo‘lgan narxlar bu — buxanka (qolipli non) narxlari bo‘ladi. Buxanka narxlari 2018 yilda «erkinlashtirilgan» deb e’lon qilingan bo‘lsa-da, amalda subsidiyalashtirib kelingan.

«Non narxi oshadi, un qimmat bo‘ladi deb vahima qilishga umuman asos yo‘q. Aksincha, agar bugun aytilgan gaplar amalda ishlasa, un va non narxi muvozanatlashadi va sekin-asta arzonlashadi ham», — degan fikrda u.

HududBuxanka narxi
O‘zbekiston bo‘ylab o‘rtacha2233 so‘m
Qoraqalpog‘iston2172 so‘m
Andijon
2189 so‘m
Buxoro
2211 so‘m
Jizzax
2552 so‘m
Qashqadaryo2071 so‘m
Navoiy
2100 so‘m
Namangan
2647 so‘m
Samarqand
2270 so‘m
Surxondaryo2321 so‘m
Sirdaryo2236 so‘m
Toshkent viloyati
1848 so‘m
Farg‘ona
2098 so‘m
Xorazm
2949 so‘m
Tashkent shahii
1600 so‘m

Savdo markazlari va dehqon bozorlarida birinchi navli undan qoliplangan nonning o‘rtacha narxlari, 2022 yil 30 mart holatiga. Manba: Moliya vazirligi / Statistika qo‘mitasi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 30 mart kuni qolipli nonning eng yuqori o‘rtacha narxi Xorazm viloyatida — 2949 so‘m, eng arzoni esa — Toshkentda — 1600 so‘m qayd etilgan.