O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Sharqiy Quddusdagi vaziyat keskinlashganidan, jumladan, al-Aqso masjididagi navbatdagi to‘qnashuvlar sodir bo‘lganidan jiddiy xavotirda ekanligini bildirdi.

«Biz tomonlarni keskinlikni kuchaytirmaslikka va mojaroni tezroq bartaraf etish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga chaqiramiz», — deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, Falastin-Isroil muammosini hal qilish xalqaro huquq normalariga muvofiq, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining avval qabul qilingan rezolyutsiyalari va «ikki xalq uchun ikki davlat» tamoyili asosida amalga oshirilishi zarur.

«Biz tomonlarni ixtilofni muloqot va diplomatiya yo‘li bilan hal qilish uchun vazminlik hamda siyosiy iroda ko‘rsatishga chaqiramiz», — deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, aprel o‘rtalariga kelib, falastinliklar va Isroil xavfsizlik kuchlari o‘rtasidagi keskinlik yanada kuchaydi. Muqaddas Ramazon oyida, 15 aprel kuni Quddusning Ma’bad tog‘idagi ham ikki tomon uchun muqaddas hisoblangan al-Aqso masjidi atrofida ikki tomon to‘qnashuvi boshlangandi. Ayni shu paytda masjidda 12 mingga yaqin musulmon bo‘lgan, ularning 250 dan ortig‘i jarohatlangan.

8 may kuni Isroil TIV ma’lum qilishicha, bosh vazir Naftali Bennet hukumat yig‘ilishida mamlakatda terrorchilik bilan kurashishning yangi bosqichi boshlanganini e’lon qildi. U 5 may kuni Elad shahrida 3 kishi vafot etgan va to‘rt kishi jarohatlangan voqeada gumonlanayotgan ikki nafar falastinlik qo‘lga olinganiga izoh berar ekan shunday dedi: «Hech kim ig‘voni qo‘zg‘atib qo‘yib, keyin dam olmaydi, gugurtni yoqib qo‘yib, keyin qocha olmaydi».

Isroil TIV keltirishicha, bosh vazir shuningdek, terrorga qarshi urush haqida gap ketganda, «Ma’bad tog‘i va Quddus bilan bog‘liq barcha qarorlar shaharda suveren bo‘lgan Isroil hukumati tomonidan tashqi mulohazalarsiz qabul qilinadi» deya ta’kidlagan.

Falastin hukumati Isroil bosh vazirining so‘zlarini keskin qoraladi, deb xabar qildi Newsru.co.il nashri.

«Sharqiy Quddus, uning musulmon va nasroniy ziyoratgohlari Falastin davlatining abadiy poytaxtidir. Buni bosib olingan Falastin hududi deb tan olgan xalqaro rezolyutsiyalar ham tasdiqlaydi», — deya nashr Nabil Abu Rudeinning so‘zlarini keltirmoqda.

O‘tgan yilning may oyida qayta jonlangan ikki tomon 10 kundan ortiq davom etgan to‘qnashuvlarni to‘xtatishga qaror qilgandi.