Sport gimnastikasi O‘zbekiston chempionatida tayanib sakrash dasturida Oksana Chusovitina g‘alaba qozondi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Musobaqadan so‘ng Oksana Chusovitina Parij-2024 Olimpiadasi haqida o‘ylayotganini ta’kidladi.

«Bu haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rdim va Osiyo o‘yinlaridan so‘ng Parij-2024 Olimpiadasiga ham tayyorlanishga qaror qildim!», — degan sportchi Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatiga.

Ma’lumot uchun, Oksana Chusovitina 8 bor Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, gimnastika tarixi va «Ginnesning rekordlar kitobi»ga kiritilgan edi. Agar u Parij-2024 Olimpiadasida ham ishtirok etadigan bo‘lsa, o‘z rekordini yaqin davr ichida hech kim yaqinlasha olmaydigan qilib yangilaydi. Yana ham hayratlanarlisi, o‘shanda u 49 yoshida bu ishni amalga oshirgan bo‘ladi.

2021 yil iyul oyida Oksana Chusovitina sportdagi faoliyatini yakunlagani haqida xabar berdi. Biroq keyinchalik oktabr oyida esa u o‘z faoliyatini O‘zbekiston uchun medalsiz yakunlay olmasligini ta’kidlab, sportga qaytishini e’lon qildi. Gimnastikachi 2022 yilgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishini e’lon qilgan edi. Yaqinda COVID-19 tufayli Xitoy mezbonlik qilishi kutilgan Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari qoldirilganligi haqida xabar berilgan edi.