Milliy mass-mediani qo‘llab-quvatlash jamoat fondi mediahamjamiyatning faol a’zolari bilan birgalikda Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligiga (AOKA) ochiq murojaat yo‘lladi.

Unda aytilishicha, gender masalasida «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida», «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida», «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida» va boshqa shu kabi bir qator muhim qonun hujjatlari qabul qilinganligiga qaramasdan, O‘zbekistonda gender sohasida hamon hal qilinmagan qator muammolar mavjud.

Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllarini bartaraf etish bo‘yicha qo‘mita o‘zining O‘zbekistonga oid yakuniy kuzatuvlarida fuqarolarning gender masalasidagi nozik jihatlar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish, OAVda kamsitilgan ayollar siymolarini targ‘ib qilmaslik, OAVni gender zo‘ravonlikka qarshi kurashga jalb qilish zarurligi to‘g‘risidagi tavsiyalarni yana bir bor takrorladi.

«Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasida media mahsulotlarining gender ekspertizasi amalga oshirilmagani, OAVda ayollar va erkaklarning oila va jamiyatdagi o‘rni to‘g‘risida an’anaviy qarashlar efirga uzatilayotgani, bosma va elektron OAVda ayollarning jamiyat rivojiga qo‘shgan hissasi yetarlicha yoritilmayotgani qayd etilgan», — deyiladi xabarda.

«Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar nima uchun, shu jumladan, OAVda kamsitilgan ayollarning siymosini yaratmaslik borasida o‘z samarasini bermayotganini tushunish maqsadida biz — media hamjamiyatining befarq bo‘lmagan a’zolari sizga O‘zbekistonda e’lon qilinayotgan yangiliklar, efirga uzatilayotgan tok-shou va kino mahsulotlardagi ayollar obrazining mamlakat gender siyosati va xalqaro talablarga javob berish-bermasligini malakali gender eksperizasidan o‘tkazish va ushbu ekspertiza natijalarini taqdim etishingizni so‘rab murojaat qilyapmiz», — deyiladi fondning AOKAga murojaatida.

Olingan ma’lumotlar asosida xotin-qizlarning roli va imkoniyatlarini yoritish, OAVda kamsitilgan ayol siymosini namoyish etish darajasini pasaytirish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqiladi.

Mazkur loyihaning xalqaro majburiyatlar va O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilishi kutilmoqda, deya yakulanadi murojaat.