Hukumatning 6 maydagi qaroriga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish uchun takroran o‘tkazilgan tanlovda g‘olib aniqlanmasa, ushbu yerlarning maydoni, ixtisosligi o‘zgartirilib boshqa yo‘nalishlarga ochiq tanlov o‘tkaziladi. Shuningdek, tanlovga chiqarilgan yerni olmoqchi bo‘lgan talabgorlar 1 martdan keyin xorijdan kelgan mehnat migrantlari bo‘lsa, zakalat puli to‘lashdan ozod etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Belgilanishicha, viloyat hokimliklari Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan takroran tanlovda ham g‘olib aniqlanmagan yerlar bo‘yicha uning maydoni, ixtisosligini o‘zgartirib talab yuqori bo‘lgan boshqa yo‘nalishlarga ochiq tanlov o‘tkazadi.

Fuqarolardan yerni tanlovga chiqarish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun 3 ish kunida taklif tushgan yerni o‘rganadi. Ilgari 5 ish kunida edi.

Shuningdek, tanlovga chiqarish uchun mo‘ljallangan yerni vakolatli organlar bilan kelishish muddati ham 5 kundan 3 kunga qisqartirildi.

Tanlovga chiqarilgan yerni olmoqchi bo‘lgan talabgorlar 2022 yil 1 martdan keyin xorijdan kelgan mehnat migrantlari bo‘lsa, BHMning 1 baravari (270 ming so‘m) miqdoridagi zakalat pulini to‘lashdan ozod etiladi. Ilgari mazkur imtiyoz faqat ijtimoiy daftarlarga kiritilganlarga tatbiq etilgan. Eslatib o‘tamiz, bu ustuvorlik prezidentning 24 mart kungi farmonida nazarda tutilgan edi. Ushbu farmon bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishda ochiq elektron tanlov natijalarini olishda hokim qarori talab qilinmasligi belgilangan.