Senatning navbatdagi yalpi majlisida «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilayotgani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda parlament yuqori palatasi axborot xizmati ma’lum qildi. «Gazeta.uz» Senat matbuot xizmatidan kiritilayotgan o‘zgartirishlarning qiyosiy jadvalini oldi.

Muhokamalar davomida senatorlar tomonidan amaldagi qonunchilikda uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasi obodonlashtirilsa, aholiga boshqa xizmatlar ko‘rsatilib, ishlar bajarilgan taqdirda, tegishli soliq to‘lovlaridan ozod etiladi. Biroq boshqaruvchi tashkilotlarga nisbatan ushbu imtiyozlar tatbiq etilmayotgani «turli kelishmovchilarni yuzaga keltirishi» qayd etildi.

Shu boisdan qonun bilan Soliq kodeksiga boshqaruvchi tashkilotlar uchun soliq imtiyozlari kiritilmoqda:

  • boshqaruvchi tashkilotlar yoki ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchilar tomonidan umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash, shuningdek ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmatlar hamda bajarilayotgan ishlar bo‘yicha aylanmalar soliq solishdan ozod qilinadi;
  • boshqaruvchi tashkilotlar yoki ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchilar tomonidan umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash, shuningdek ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlardan hamda bajarilgan ishlardan olingan mablag‘lar Soliq solishda hisobga olinmaydigan daromadlar bo‘ladi;
  • boshqaruvchi tashkilotlar yoki ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchilar tomonidan umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash, ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini obodonlashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish soliq solish obyekti hisoblanmaydi.

Bundan tashqari, Yer kodeksiga ham o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ularga ko‘ra, ko‘p kvartirali uylar yonidagi yer uchastkalari soliq solish obyektlariga kirmaydi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi ko‘p kvartirali uy-joylardan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom kiritildi.

Qonunga ko‘ra, inspeksiyalarga quyidagi ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish topshirilmoqda:

  • Turar joylardan foydalanish qoidalarini, uy-joy fondidan texnik foydalanish qoidalari va normalarini, ko‘p kvartirali uylarni boshqarish qoidalarini buzish — fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
  • Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish qoidalarini buzish — mansabdor shaxslarga BHMning 15 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
  • Ko‘p kvartirali uylardagi tayanch va to‘siq konstruksiyalarni qonunchilikni hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda o‘zgartirish yoki rekonstruksiya qilish, shu jumladan ko‘p kvartirali uylarda va ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarida o‘zboshimchalik bilan imoratlar (inshootlar) qurish ishlarini amalga oshirish — fuqarolarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 40 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni (to‘siq konstruksiyalarga oid qismida) birinchi marta sodir etgan shaxs, agar u ko‘p kvartirali uydagi to‘siq konstruksiyalarning amalga oshirilgan o‘zgartirilishini yoki ularni rekonstruksiya qilish tufayli yo‘l qo‘yilgan buzilishlarni, ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasida o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni (inshootlarni), shuningdek ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etsa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Ushbu qoidabuzarliklar Senat tomonidan ma’qullangan qonun bilan to‘ldirilgan 159-moddada keltirilgan.

Inspeksiya ushbu ishlarni sudga oshirmasdan ko‘rib chiqadi, lekin agar huquqbuzar huquqbuzarlik faktiga e’tiroz bildirmoqchi bo‘lsa, ish sudga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Inspeksiya boshlig‘i va uning bo‘linmalari boshliqlari, shuningdek hududiy inspeksiyalar boshliqlari inspeksiya nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish va jarima tarzidagi ma’muriy jazo qo‘llash huquqiga ega.

Senat tomonidan ma’qullangan qonunda «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga ham o‘zgartishlar kiritilgan.

Ko‘p kvartirali uy-joy fondidan foydalanish sohasidagi nazorat inspeksiyasi va uning hududiy inspeksiyalari ko‘p kvartirali uy-joy fondini saqlash va ulardan foydalanish sohasida ularga berilgan vakolatlarga muvofiq ma’muriy, xo‘jalik sudlari va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga berilgan da’volar va arizalar, bo‘yicha davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Qonun O‘zbekiston prezidenti tomonidan imzolanganidan keyin kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Senat taqdim etgan ma’lumotlarda «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar haqida ma’lumot yo‘q. Bu masala so‘nggi bir necha oy ichida toshkentliklarning xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari boshqaruvchi kompaniyalarga qo‘shilishga majbur qilinayotgani haqidagi ko‘plab guvohliklari tufayli dolzarb bo‘lib qoldi. Biroq «Gazeta.uz» Senatdan olgan ma’lumotlar — axborot xarakteriga ega va u rasmiy hujjat emas. Senat tomonidan ko‘rib chiqilayotgan qonunlarning matnlari jamoatchilikka e’lon qilinmaydi.