26 aprel kuni Qashqadaryoning Chiroqchi tumanida o‘z faoliyatini olib borayotgan YPX xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan fuqarolarga jinoyat ishi ochildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, IIB YHXB YPX inspektorlari tuman markazidagi «Oziq-ovqat dehqon» MCHJ bozori atrofida jamoat tartibini saqlash hamda avtomashinalar tirbandligini oldini olish maqsadida patrul maxsus avtomashinasi ovoz kuchaytirgich moslamasi bilan xizmat olib borgan.

Shu kuni taxminan 17:30larda fuqarolar xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan faol qarshilik ko‘rsatgan. Ulardan biri patrul avtomashinasining old o‘rindig‘ida bo‘lgan YPX katta inspektori B.Karimov xizmat kiyimining pogoni, bodikamerasi va ko‘krak nishonini yulib olgan.

IIB xabariga ko‘ra, ushbu vaziyatda xodimlar qo‘shimcha kuchlar chaqirtirib, jamoat tartibini tiklagan.

Talabga bo‘ysunmasdan, faol qarshilik ko‘rsatgan 4 kishiga Chiroqchi tuman prokuraturasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Gumon qilinuvchilarning uch nafari esa JPKning 221-moddasi tartibida ushlandi. Dastlabki tergov harakatlari ketmoqda.