Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston, Andijon, Buxoro va Farg‘ona viloyatlaridan tashqari barcha hokimlarning turizm bo‘yicha o‘rinbosarlariga 3 oy sinov muddati belgilash, yakuni bo‘yicha lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.

Yig‘ilishda mamlakatdagi 122 ta muzey salohiyatidan foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Ularda 2,5 mlndan ortiq ashyo saqlanib, 112 mingtasi nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida noyob hisoblanadi.

«Lekin qaysi hokim muzeylar muammosi bilan shug‘ullandi, degan savolga ijobiy javob yo‘q. Misol uchun, Savitskiy, Termiz arxeologiya, O‘zbekiston davlat san’at muzeylariga butun dunyodan odamlar keladi, lekin aholimizni bu madaniyat maskanlariga borishi tizimli tashkil etilmayapti. Shu bois bugun Abduhakimovga yangi o‘rinbosarlar — Baxtiyor Ibragimov, Nusratilla Zikrillayev, Botir Shaxriyorovni tayinladim. Har bir viloyat hokimiga ham turizm bo‘yicha o‘rinbosarlar berilgan. Bunday imkoniyat qachon bo‘lgan? Bu borada Qoraqalpog‘iston, Andijon, Buxoro, Farg‘onada turizm bo‘yicha o‘rinbosarlar yaxshi ishlayapti. Qolgan hudud mas’ullari hali „uyg‘ongani“ yo‘q», — dedi prezident.

Ushbu 4 ta hududdan tashqari barcha viloyat hokimlarining turizm bo‘yicha o‘rinbosarlariga 3 oy sinov muddati belgilash, yakuni bo‘yicha lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Shuningdek, davlat rahbari tomonidan turizm vaziri, uning yangi tayinlangan o‘rinbosarlari, viloyat hokimlari va turizm bo‘yicha muovinlariga turizm sohasida pandemiyagacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarni tiklash eng ustuvor vazifa etib belgilandi. Turizm va unga turdosh sohalarda kamida 200 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yil birinchi choragida xorijdan 610 ming nafar yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 baravar ko‘p turistlar keldi. May oyida hamkor davlatlardan sayyohlarning 20 foizi kelishi kutilmoqda (ilgari bu raqam 2−3 foiz bo‘lgan).

«Lekin har bir hokim hududimda tarixiy obidalar yoki manzarali joylar ko‘p, deb xotirjamlikka berilmasligi kerak. Mehmonxona, muzey, transport va yo‘llar, servis, ovqatlanish joylari kelayotgan turistlarni qabul qilishga tayyormi? Buning uchun qaysi hokim tayyorgarlik qildi?» — deya savol qo‘ydi davlat rahbari.

Prezident turizm salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan kamchiliklarni sanab o‘tdi. Misol uchun, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryoda mavjud mehmonxona o‘rinlari talabga nisbatan ancha kamligi aytildi.