O‘zbekiston prezidentining tegishli qaroriga muvofiq turizm va madaniy meros vaziriga uch o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, Baxtiyor Ibragimov — turizm va madaniy meros vazirining xalqaro turizmni rivojlantirish, ichki va ziyorat turizmi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u Tashqi ishlar vazirligida departament direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

Nusratilla Zikrillayev — turizm va madaniy meros vazirining investitsiyalar, turizm klasterlari va litsenziyalash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u prezident Administratsiyasi mas’ul xodimi vazifasida ishlagan.

Botirjon Shahriyorov — turizm va madaniy meros vazirining ommaviy tadbirlar va madaniy meros masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bunga qadar u Buxoro viloyati hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, 18 fevral kuni Turizm va madaniy meros vazirligi tashkil etilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Aziz Abduhakimov nomzodi mazkur vazirlik rahbarligiga ma’qullangan edi.