USM xolding tarkibiga kiruvchi Metalloinvest kompaniyasi 2022 yilda Toshkent metallurgiya zavodi aksiyadoriga aylandi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Nozim Efendiyev Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan «Innoprom. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasidagi chiqishida ma’lum qildi, xabar berdi «Kommersant’».

Kompaniya vakili bitim tafsilotlarni oshkor qilmagan, ammo «Metalloinvest» O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bilan hamkorlikda ishlab chiqarishni boshqarishini qo‘shimcha qilgan.

Efendiyev O‘zbekistonning metallurgiya sanoatidagi ulkan salohiyatini qayd etdi. Biroq bunga logistika bilan bog‘liq qiyinchiliklar — dengiz portlari va «kuchli savdo bozorlari»dan uzoqligi to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, u Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi temir yo‘l tariflaridan shikoyat qildi. Yarim tayyor mahsulotlarni tashish har bir chegarani kesib o‘tishi bilan narx ko‘tariladi, dedi u Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturovga.

«Men rossiyalik ishlab chiqaruvchilarni bu yerga olib kelishga undaydigan adolatli, bir xil tarif bo‘lishini istayman», — deya qo‘shimcha qildi Efendiyev.

«Metalloinvest» rahbari «O‘zbekiston temir yo‘llari» rahbariyati bilan tariflar masalasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov bunga javoban hukumat muammoni o‘rganishini, temiryo‘lchilar esa bu haqda ma’lumot berishini va’da qilgan.

USM O‘zbekistonda

Alisher Usmonov xoldingi O‘zbekiston bozoridagi bir qancha loyihalarda ishtirok etmoqda. U Digital Holding QK hamta’sischisi sifatida faoliyat yuritadi. Mazkur kompaniya tarkibiga 2021 yil sentabr oyida Ucell uyali aloqa operatori, CRPT Turon tovarlarni markalash tizimining operatori va ICS Holding Uzbekistan IT kompaniyasi kiritilgan.

USMning yana bir sho‘ba korxonasi — Akkerman Cement CA esa «Ohangaronsement» zavodini sotib oldi. Xolding tuzilmalari «Kapitalbank» aksiyalarining nazorat paketini ham sotib olgan, biroq Usmonovga qarshi sanksiyalar qo‘llanilganidan keyin uni qayta sotishgan.

Xoldingning sobiq bosh direktori Ivan Streshinskiy O‘zbekistonga sarmoya kiritilishini Usmonovning o‘z mamlakatiga yordam berish istagi bilan izohladi. USM, shuningdek, mamlakatni yanada rivojlantirish uchun platforma yaratishni rejalashtirmoqda.