Dunyoning 12 ta mamlakatida jami 169 kishi kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan gepatitga chalindi — JSST

2022 yil 21 aprel holatiga ko‘ra, Yevropa mintaqasidagi 11 davlatida va Amerika mintaqasining bir davlatida kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan kamida 169 ta o‘tkir gepatit holati qayd etilgan, deyiladi tashkilotning o‘z veb-saytida e’lon qilingan bayonotida. Bundan tashqari, bir kishining o‘limi ham tasdiqlandi.

Kasalliklar qayd etilgan mamlakatlar: Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya — 114, Ispaniya — 13, Isroil — 12, Amerika Qo‘shma Shtatlari — 9, Daniya — 6, Irlandiya — 5, Niderlandiya va Italiya 4 nafardan, Norvegiya va Fransiya 2 nafardan, Ruminiya va Belgiyada 1 nafardan bemor.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, hech bir holatda gepatit A, B, C, E va D viruslari aniqlanmagan. Kasallik 1 oylikdan 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarda aniqlangan. Bemorlarning taxminan 10 foizi jigar transplantatsiyasiga muhtoj.


Urush boshlangandan beri Ukrainada 213 nafar bola halok bo‘lgani aytildi

Ukrainada 2022 yil 24 aprel tong holatiga ko‘ra, urush boshlanganidan beri 213 nafar bola halok bo‘lgan, 389 nafardan ortiq bolalar jarohatlangan. Bu haqda Ukraina bosh prokuraturasi xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari tufayli mamlakatda 1500 ta ta’lim muassasasi zarar ko‘rgan. Ularning 102 tasi butunlay vayron bo‘lgan.


Fransiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi boshlandi

Bugun, 24 aprel kuni Fransiyada prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi boshlandi. Bu haqda Kommersant’ nashri xabar berdi.

Emmanuel Makron va Marin Le Pen. Foto: CNN

Eslatib o‘tamiz, saylovning birinchi bosqichi 10 aprel kuni bo‘lib o‘tgandi.

Kun yakunida (Yevropa vaqti bilan soat 20:00 da) yaqin besh yil ichida mamlakatni kim boshqarishi ma’lum bo‘ladi: amaldagi prezident Emmanuel Makronmi yoki «Milliy birlashuv»dan nomzod Marin Le Pen. 2017 yilda Emmanuel Makron ikkinchi turda 66,10 foiz ovoz olib, Marin Le Penni ortda qoldirib, respublika prezidenti etib saylangandi.


Bolgariya Ukrainaga qurol sotishdan bosh tortdi

Ukrainaga qurol yetkazib berish masalasi Bolgariyada mamlakat hukumati a’zolari o‘rtasida tortishuvlarga sabab bo‘ldi, shu munosabat bilan hukmron koalitsiya qurol yetkazib berishdan bosh tortishga qaror qildi, deb xabar berdi Bloomberg.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat rasmiylari Yevropa Ittifoqi davlatlarining Ukrainaga qurol yetkazib berishda yordam berish haqidagi chaqiriqlariga javob bermagan.

Ma’lum bo‘lishicha, Bolgariya sotsialistik partiyasi, agar rasmiylar Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishni ma’qullasa, hukmron koalitsiyadan chiqish bilan tahdid qilgan. Shu bilan birga, o‘ng markazchi Bolgariya demokratik partiyasi, agar qurol yetkazib berilmasa, koalitsiyani tark etishini ma’lum qilgan.


YeIning o‘nta davlati kompaniyalari embargoni aylanib o‘tib Rossiyaga qurol sotgan — The Telegraph

Yevropa Ittifoqining (YeI) kamida 10 ta davlati kompaniyalari qurol savdosi embargosini chetlab o‘tib, Rossiyaga qariyb 350 mln yevrolik harbiy texnika eksport qilgan, deb yozadi Yevropa Ittifoqi ma’lumotlariga tayanib The Telegraph nashri.

Umumiy ta’minotning taxminan 78 foizi Germaniya va Fransiya kompaniyalariga to‘g‘ri keladi. Ular Rossiyaga 273 mln yevrolik harbiy texnika yetkazib berishgan. YeI ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda bu texnika Ukrainada qo‘llanilmoqda. Shuningdek, Rossiyaga Avstriya, Bolgariya, Buyuk Britaniya, Italiya va Chexiya kompaniyalari ham qurol yetkazib bergan.

Germaniya va Fransiya 2014 yilda Qrim Rossiyaga qo‘shib olinganidan keyin Rossiyaga qurol-yarog‘ yetkazib berish taqiqlanganiga qaramay, Rossiyaga texnika, bomba, raketa, snaryad va qurol-yarog‘ jo‘natishgan, deyiladi xabarda.

Nemis kompaniyalari YeIning Rossiyaga qurol embargosidagi zaif nuqtasidan foydalanib, Moskvaga 121 mln yevrolik uskunalar, o‘qotar qurollar va zirhlangan texnika sotgani aytildi. Shuningdek, Fransiya kompaniyalarining 76 ta eksport litsenziyasi doirasida 152 mln yevrolik harbiy yuklarni Rossiyaga yuborgani aniqlangan.

Parij eksportyorlarning 2014 yilgacha tuzilgan shartnomalarni amalga oshirishiga ruxsat bergan va bu orqali YeIning embargosini chetlab o‘tgan. Fransiya firmalari bombalar, raketalar va torpedolar bilan bir qatorda mingdan ziyod Rossiya tanklari uchun maxsus kameralar, shuningdek qiruvchi samolyotlar va havodan zarba yo‘llovchi vertolyotlar uchun navigatsion tizimlar yetkazib bergani ma’lum qilindi.


Kolumbiya hukumati Venesuela harbiylariga hujum qilishni rejalashtirmoqda — Venesuela prezidenti

Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning fikricha, Kolumbiya prezidenti Ivan Duke vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida qo‘shni davlatga hujum qilishdan manfaatdor. Bu haqda Kommersant’ nashri ma’lum qildi.

U barcha vazirlarni, shuningdek, gubernatorlar va merlarni «Kolumbiya narkohukumatidan kelib chiqadigan zo‘ravonlik rejalarini zararsizlantirish va yo‘q qilish uchun hushyor bo‘lishga» chaqirdi. Venesuela prezidenti, shuningdek, bunday harakatlar mamlakat energiya va suv ta’minoti tizimlarining ishini buzishga qaratilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Nikolas Maduro mamlakat razvedka xizmatlari bu rejalarni zararsizlantirishga tayyor bo‘lishiga ishontirdi.


Nigeriyada noqonuniy neftni qayta ishlash zavodidagi portlash oqibatida 100 kishi halok bo‘ldi

Nigeriyaning Imo shtatida noqonuniy faoliyat olib boradigan neftni qayta ishlash zavodida yuz bergan portlash oqibatida 100 nafardan ziyod odam halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

«Portlash noqonuniy bunker maydonchasida sodir bo‘lgan, oqibatda 100 nafardan ziyod kishi tanib bo‘lmaydigan darajada kuyib, halok bo‘lgan», — deb bayonot bergan Nigeriya neft resurslari bo‘yicha davlat komissari Gudlak Opiya.


Vladimir Zelenskiy yakshanba kuni Kiyevga AQSh davlat kotibi va Mudofaa vaziri kelishini aytdi

Vladimir Zelenskiy AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Mudofaa vaziri Lloyd Ostin 24 aprel kuni Kiyevga tashrif buyurishini ma’lum qildi. Bu haqda Meduza nashri xabar berdi. Oq uy ushbu ma’lumot bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan.


BMT rahbari Moskva va Kiyevga tashrif buyuradi

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kelasi hafta Moskva va Kiyevga tashrif buyuradi, deya xabar beradi BMT axborot xizmati. «[Antonio Guterrish] Ukrainada tinchlikni zudlik bilan tiklash masalasini muhokama qilishni intiqlik bilan kutmoqda», — dedi BMT matbuot kotibi Eri Kaneko.

26 aprel kuni BMT rahbari Moskvada tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan ishchi uchrashuv va tushlik o‘tkazadi, so‘ngra uni prezident Vladimir Putin qabul qiladi.

28 aprel kuni BMT Bosh kotibi Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba bilan ishchi uchrashuv o‘tkazadi va uni prezident Vladimir Zelenskiy qabul qiladi.


Mariupolda drama teatri vayronalarini tekshirish paytida 11 kishining jasadi topilgani aytildi

Donetsk Xalq Respublikasi (DXR) Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari ko‘ngillilar bilan birgalikda to‘rt kun ichida Mariupoldagi drama teatri vayronalari ostidan 11 nafar halok bo‘lgan tinch aholining jasadini olib chiqdi. Bu haqda vayronalarni tahlil qilishda ishtirok etayotgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimiga tayanib, TASS ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, vayronalar ostida hali ham jasadlar bor. Shu bilan birga, binoning konsert zali joylashgan qismida hali ish boshlanmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu joy portlashning epitsentri bo‘lgan.