Aprel oyining so‘nggi yakshanbasi Butunjahon qardosh shaharlar kuni sifatida nishonlanadi. Joriy 2022 yilda bu kun 24 aprel sanasiga to‘g‘ri keldi. O‘zbekiston shaharlari dunyoning turli mintaqalaridan ko‘plab shaharlar bilan qardoshlik aloqalariga ega. «Gazeta.uz» ularning ro‘yxatini tuzib, shaharlar o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlari nimani anglatishiga aniqlik kiritishga harakat qildi.

Shaharlar o‘rtasida qardoshlik munosabatlarini o‘rnatish an’anasi dastlab Ikkinchi jahon urushi paytida paydo bo‘lgan deb hisoblanadi. 1942 yilda Britaniyaning bombardimon natijasida butunlay vayronaga aylangan Koventri shahri aholisi jangovar ruhdagi Stalingrad aholisiga hamdardlik izhor qilishadi — inglizlar Stalingradga dalda beruvchi so‘zlar bitilgan telegramma yuborishadi. 1943 yilda Koventri aholisi stalingradliklar uchun ramziy sovg‘a — 830 nafar insonning imzosi tushirilgan dasturxon tayyorlaydilar: bunda har bir imzo o‘z egasining stalingradliklar uchun tibbiy yordam fondiga qo‘shgan hissasini bildirgan. 1944 yilda esa mazkur ikki shahar qardosh shaharlarga aylanadi.

Keyinchalik mazkur an’ana dunyoning boshqa mintaqalarida ham keng tarqaldi, 1957 yilga kelib esa qardosh shaharlar vakillari tomonidan Butunjahon qardosh shaharlar federatsiyasiga asos solindi. 2004 yilda tashkilot o‘z faoliyatini to‘xtatdi va nisbatan yirik tashkilot — «Birlashgan shaharlar va mahalliy hokimiyatlar» birlashmasi tarkibiga qo‘shildi. 1963 yildan beri aprel oyining oxirgi yakshanbasi Butunjahon qardosh shaharlar kuni sifatida nishonlab kelinadi.

O‘zbekiston shaharlari dunyoning turli mintaqalari bilan qardoshlik aloqalarining boy tarixiga ega. Toshkentning 1973 yilda Sietl shahri bilan o‘rnatgan qardoshlik munosabatlari odatda ushbu seriyadagi voqealarning eng birinchisi hisoblanadi. Biroq 1972−1985 yillarda Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi raisi sifatida faoliyat yuritgan Vohid Kozimovning xotirlashicha, 60-yillarning o‘rtalarida Toshkent Skope bilan qardoshlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. 1963 yilda Makedoniya poytaxti (2019 yildan — Shimoliy Makedoniya) zilzila natijasida jiddiy zarar ko‘rgan, 1966 yilda esa shahar aynan shunday vaziyatni boshdan kechirgan Toshkentga hamdardlik bildirgan. Fojeali tajribalar bilan bog‘liq umumiylik aksariyat hollarda qardoshlik munosabatlarining paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi — bu har ikki tomon uchun ramziy qo‘llab-quvvatlash harakati hisoblanadi.

Sovuq urush davrida mahalliy darajadagi bunday aloqalar alohida ahamiyatga ega bo‘lgan: mamlakatlar o‘rtasidagi keskin munosabatlar to‘laqonli tarzda hamkorlik qilishga imkon bermagan, mintaqaviy darajadagi qardoshlik aloqalari esa zarur madaniy almashinuvni ta’minlay olgan.

Vohid Kozimovning 1973 yilda Toshkent va Sietl o‘rtasida o‘rnatilgan qardoshlik munosabatlariga bag‘ishlangan «Hayot ma’nosi» kitobidan parcha keltiramiz: «Sietl bilan munosabatlarimiz yaxshilandi va biz u yerda „Toshkent“ nomli istirohat bog‘i tashkil etdik. <...> Toshkentda „Sietl“ istirohat bog‘ini tashkil qildik. Sietl sharafiga ayni shu nomdagi do‘kon ham ochildi. Bu xalqona diplomatiya katta ahamiyatga ega. Mamlakatlarning oliy rahbariyatini bir chetga surib turaylik, ularning asosiy maqsadi — xalqlarni yaqinlashtirishdir. Esimda, Amerikadan bir qiz kelgan, taniqli raqqosamiz Qizlarxon Do‘stmuhamedova unga milliy raqslardan saboq bergan edi. Biz unga raqs liboslari to‘plamini tuhfa qilganmiz. Vataniga qaytgach, u daf sadolari ostida o‘zbek milliy libosida o‘zbek raqsi konsertini uyushtirgan».

Bugungi kunda shaharlar o‘rtasida qardoshlik munosabatlarining o‘rnatilishi — mamlakatlarning mintaqaviy darajada o‘rnatilgan diplomatik aloqalarining tasdig‘i demakdir. «Qardoshlik» munosabatlarining o‘rnatilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimlarda odatda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va madaniy almashinuv to‘g‘risidagi bayonotlar yangraydi.

Amalda bu mavzulashtirilgan fotoko‘rgazmalar singari tadbirlarni tashkil etishni anglatadi. Masalan, aynan shunday tadbir Toshkent va Shanxay o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarining 20 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan edi. Odatda shaharlar bir-birlarini muhim sanalar bilan qutlaydilar — Ashxobodning 140 yilligi munosabati bilan Turkmaniston poytaxtiga tabrik yo‘llagan holda Toshkentda qo‘shiqlar kuylangan va raqslar ijro etilgan.

An’analarga hurmat ko‘rsatish o‘zaro odat tusiga kirgan: masalan, Sietlda Navro‘z bayramini nishonlashgan. Shuningdek, qardosh juftliklar orasida taniqli milliy arboblarga yodgorlik o‘rnatish va mavzulashtirilgan nomlar berish ham keng tarqalgan — masalan, Anqara meri shahardagi 34 ta ko‘cha nomlari O‘zbekiston bilan bog‘liq ekanligi xususida hikoya qilgan edi.

O‘zaro ramziy e’tiroflar almashinuvidan tashqari, hamkorlikning real voqelikdagi natijalarini payqash unchalik oson emas, biroq ular mavjud. Masalan, 2019 yilda Toshkent va Minsk o‘rtasida qardoshlik munosabatlari o‘rnatilishi vaqtida O‘zbekiston delegatsiyasi Minskda texnoparkka tashrif buyurgan. 2022 yilda Toshkentdagi IT-park direktori o‘rinbosari Bahodir Yusupov park (aynan 2019 yilda ochilgan) ko‘p jihatdan Belarus tajribasi asosida barpo etilganini ta’kidlagan. Ehtimol, bunda Toshkent shahar rahbariyatining Minskka tashrifi ham muhim rol o‘ynagandir.

Bundan tashqari, qardoshlik aloqalari biznesni jalb qilishga qaratilgan bo‘lishi mumkinligiga qator misollar mavjud. Xususan, Qo‘qon va Pxonchxon o‘rtasida kelishuv imzolanayotgan vaqtda Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Koreyaning yirik kompaniyalari bilan shartnomalar tuzishga muvaffaq bo‘lgan.

Hozirgi kunda O‘zbekistonning turli viloyatlari yetarlicha ko‘p qardoshlik aloqalariga ega. Skope va Toshkent misolida bo‘lgani singari, fojeali tajribalar bilan bog‘liq umumiylikka qo‘shimcha ravishda, qardosh shaharlarning paydo bo‘lishiga shaharlarning ixtisoslashuvi yoki maqomi ham asos bo‘lishi mumkin. Jumladan, 2004−2010 yillarda Ispaniya tashqi ishlar vaziri Migel-Anxel Moratinos qardosh shaharlar Buxoro va Kordova teng darajadagi ulug‘vorlik va qadimiylik jozibasiga ega ekanini — ular o‘rtasida uzoq tarixiy rishtalar mavjudligini qayd etgan edi.

Sovet ittifoqi davrida faqat Moskva shahrigina jahondagi har qanday poytaxt shahar bilan qardosh bo‘la oladi, deb hisoblangan, shu sababdan mamlakatimiz mustaqillikka erishgunga qadar Toshkent boshqa davlatlarning asosiy shaharlari bilan qardoshlik munosabatlariga ega bo‘lmagan. Shunga qaramay, 1989 yilda O‘zbekiston poytaxti Belgiyaning kichik shahri Kortriyk bilan qardoshlik aloqalarini o‘rnatgan. O‘zaro delegatsiyalar tashriflari uyushtirilgan, Kortriykning 800 yilligiga bag‘ishlab Bahodir Jalolov madaniyat uyida kartina chizgan, 2000 yilda esa u yerda alloma Abu Ali ibn Sinoning taniqli toshkentlik haykaltarosh Ilhom Jabborov tomonidan yaratilgan haykali o‘rnatildi.

Biz O‘zbekiston shaharlari «qardoshlarining» to‘liq ro‘yxatini tuzib chiqishga harakat qildik. Bu oson vazifa emas: ba’zan shaharlar o‘rtasidagi qardoshlik o‘zaro tan olinmaydi, ba’zan shaharlar hamkor maqomiga ega bo‘lsa-da, hali qardoshlik munosabatlariga ega emas, boshqa bir holatda esa qardoshlik aloqalarini o‘rnatish rejalari e’lon qilingan, biroq uni amalga oshirishgacha hali yetib borilmagan. Shundan kelib chiqqan holda, qayd etish joizki, ro‘yxatimizni tuzish tamoyili oddiy: qaysi tarafdan bo‘lmasin, biror mansabdor shaxs kamida bir marta biror shaharni qardosh shahar sifatida e’tirof etgan bo‘lsa, shahar shu ro‘yxatdan joy olgan.










Ushbu ro‘yxatdan joy olgan viloyat ichidagi kichik shaharlarni ko‘rib, xulosa qilish mumkinki, qardoshlik aloqalariga ega bo‘lish imkoniyati barchada mavjud — asosiysi shahar ma’muriyatining irodasi.

Bunday do‘stona aloqalar faqatgina tug‘ilgan kun tabriklari va rasmiy delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari bilan cheklanib qolmay, real voqelikda sezilarli natijalarga olib kelsa maqsadga muvofiq bo‘lardi — bu borada hali qilinadigan ishlar ko‘p.

Masalan, Toshkent (va O‘zbekistonning boshqa shaharlari) uchun dizayn kodini joriy etishda — Berlin, piyodalar muhitini rivojlantirishda — Seul, jamoat transporti faoliyatini tashkil etishda — Pekin va Moskva tajribasi juda qo‘l kelgan bo‘lardi.

Toshkent mazkur shaharlar bilan qardoshlik aloqalariga ega va, aftidan, ularda hali amalga oshirilmagan imkoniyatlar talaygina. O‘z navbatida, Toshkent tomonidan ham o‘z tajribasini baham ko‘rish yuzasidan takliflar shakllantirilishi mumkin.