O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi futbol bo‘yicha JCH-2022 musobaqasini O‘zbekistonda namoyish qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu haqda «Sport» telekanalining Instagram`dagi sahifasida ma’lum qilindi.

Qatarda 2022 yilning 21 noyabridan 18 dekabrigacha bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati translyatsiyasi huquqini O‘zMTRK sotib oldi.

Jahon chempionatida qatnashadigan 32 ta terma jamoa ishtirokidagi barcha 64 ta uchrashuv O‘zMTRK telekanallarida namoyish etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2022 yilning noyabr-dekabr oylarida Qatarda futbol bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgandi. Salkam bir oy davom etadigan ushbu musobaqa Yaqin Sharqda o‘tkaziladigan tarixdagi ilk jahon chempionati bo‘ladi. Shuningdek, futbol bo‘yicha jahon chempionati birinchi marotaba arab dunyosida o‘tkaziladi.

Futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionatiga mezbonlik qilish bo‘yicha Oliy qo‘mitaning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Fatma al-Naymining aytishicha, chempionatni o‘tkazish uchun tayyorgarlik davomida Qatar 2019 yil holatiga ko‘ra 210 mlrd dollardan ortiqroq mablag‘ sarflagan. Bu 2018 yilda bo‘lib o‘tgan jahon chempionati uchun Rossiya tomonidan sarflangan mablag‘lardan 18 barobar ko‘proq. Ta’kidlanishicha, Qatar futbol tarixidagi eng qimmat emas, balki eng yuqori darajali jahon chempionatini tashkillashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Eng ahamiyatli tomoni shundaki, futbol tarixida ilk bor jahon chempionati qish faslida o‘tkaziladi.