Xorijda turib masofaviy (onlayn) shaklda faoliyat ko‘rsatish uchun O‘zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma olish talabi bekor qilinmoqda. Bu prezidentning 20 apreldagi farmonida keltirilgan 1 iyuldan ayrim talab va shartlari bekor qilinayotgan litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar ro‘yxatidan o‘rin olgan.

Shuningdek, ro‘yxatdan mobil ilovalardan foydalangan holda masofadan turib tibbiy konsultatsiya va ko‘rikni tashkil etishda binolar, xonalar, asbob-uskunalar va jihozlar, arxitektura va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda, zargarlik buyumlari, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan boshqa buyumlarni onlayn-do‘kon shaklida sotishda tegishli bino va inshoot bo‘lish talabi bekor qilinmoqda. Endilikda xorijdan kelgan arxitektura va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha xorijdan kelgan buyurtmalar bo‘yicha milliy standart va talablarga rioya etish ham shart bo‘lmaydi.

Xaridor tomonidan puli to‘langan dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib berishda yuridik shaxslarning shtatida farmatsevt bo‘lishi lozimligi, aloqa vositalari orqali maslahat berilganda dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib berish uchun jorixona xodimi — farmatsevtik ma’lumotga ega mutaxassis bo‘lishi talablari ham o‘z kuchini yo‘qotadi.

Bundan tashqari, tovar, ishlar va xizmatlarni realizatsiya qilishda naqd pul mablag‘lari hisobini yuritishda fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish yo‘nalishida turg‘un shoxobcha mavjudligi hamda naqd pul tushumi xizmat ko‘rsatuvchi bank bilan inkassatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi shartnoma talab qilinmaydi.