19 aprel kuni O‘zbekiston Moliya vazirligi va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) o‘rtasida mamlakatning «yashil» iqtisodiyotga o‘tish jarayoniga ko‘maklashishga qaratilgan bitim imzolandi, deb xabar berdi FTA «Gazeta.uz»ga.

Hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad «yashil» iqtisodiyotning yangi strategik mexanizmini tayyorlash, moliyalashtirish va amalga oshirishdan iborat bo‘lib, uning markazida O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashish yotadi.

Hamkorlik 5 yilga mo‘ljallangan. Birinchi kredit shartnomasi qiymati 150 mln yevroni tashkil qiladi. Kredit mablag‘lari O‘zbekiston Moliya vazirligi G‘aznachiligiga taqdim etiladi. Kredit izchil iqtisodiy, budjet va fiskal strategiya bilan qo‘llab-quvvatlanadigan harakatlar rejasini ishlab chiqishga qaratilgan.

Texnik hamkorlik dasturi doirasida bir vaqtning o‘zida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligiga stretegik mexanizmni ishlab chiqish, uni davlat moliyasiga (soliq siyosati, davlat kompaniyalarini barqaror boshqarish, «yashil» budjet) hamda sektorial siyosiy choralar va dasturlarda (qayta tiklanuvchi energiya manbalari va boshqalar) mujassamlashtirishda ko‘mak ko‘rsatiladi.

«Dastur O‘zbekistonga resurslar va uglevod tashlamalari borasida yanada samarali modelga o‘tishiga xizmat qiladi. Bu O‘zbekistonda atrof-muhitga cheklangan miqdorda ta’sir ko‘rsatgan holda ham bandlikni ta’minlash, ham iqtisodiy o‘sish imkonini berishi mumkin», — deya ta’kidladi FTAning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Vanson Kopen.

««Yashil iqtisodiyotga o‘tish biz tanlay oladigan emas, balki biz qilishimiz kerak bo‘lgan narsadir. Keyingi rivojlanish strategiyamizda yashil iqtisodiyotning ahamiyati bir necha bor ta’kidlanadi. Ushbu maqsadga erishish uchun biz bir nechta loyihalarni ishlab chiqdik va FTAdan olingan ushbu yordam ishning davom etishi uchun asosdir. Bu hali boshlanishi, chunki biz bu yo‘nalishda FTA bilan hamkorlikda ishlashni davom ettiramiz», — dedi moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov.

«O‘zbekiston prezidenti yashil iqtisodiyotni o‘zining ustuvor yo‘nalishlari qatoriga qo‘yganini mamnuniyat bilan olqishlayman. Fransiya ham yashil masalalarni kun tartibiga qo‘ymoqda. Bu ishonch va do‘stlikka asoslangan yuqori sifatli ikki tomonlama munosabatlarimizning navbatdagi bosqichidir», — dedi Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oreliya Bushez.