Vazirlar Mahkamasining 14 apreldagi qarori (180-son) bilan diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizom asosidagi quyidagilar belgilandi:

  • yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, ushbu materiallarni olib kirish va tarqatishga qo‘yiladigan talablar;
  • dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish uchun vakolatli organga murojaat qilish tartibi;
  • dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish shartlari, muddatlari va dinshunoslik ekspertizasi xulosasini rasmiylashtirish tartibi.

Jismoniy shaxslar tomonidan o‘z extiyojlari uchun hamda ilmiy tadqiqot o‘tkazish maqsadlaridagi har bir nomlanishdagi materialdan uch nusxadan oshmagan miqdorda, ijobiy xulosa olgandan keyin O‘zbekiston hududiga olib kirishga yo‘l qo‘yiladi.

Shuningdek, diniy tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan materiallar ijobiy xulosa olingandan keyin gologramma bilan tamg‘alanishi lozim. Ijobiy xulosa olinmagan va gologramma bilan tamg‘alanmagan materiallar mamlakat hududiga olib kirilishi taqiqlanadi.

O‘z navbatida, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlari, davlat boshqaruv organlari, xo‘jalik birlashmalari kutubxonalari, shuningdek, boshqa kutubxonalar, veb-saytlar tahririyatlari va jismoniy shaxslar tomonidan ijobiy xulosa olmasdan, xorijda tayyorlangan materiallarni aholiga umumiy foydalanish uchun taqdim etilishi javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 14 apreldan kuchga kirdi.

Ma’lumot uchun, «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq:

  • O‘zbekiston hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish jamiyatda konfessiyalararo totuvlik hamda diniy bag‘rikenglik buzilishiga olib keladigan, diniy zo‘ravonlik va boshboshdoqlikka chorlaydigan g‘oyalar hamda qarashlar tarqalishining oldini olish maqsadida dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olingandan keyin amalga oshiriladi;
  • diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish tartibi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.