Afg‘oniston tomoni «So‘g‘diyona-Trans» («O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati sho‘ba korxonasi)ning «Hayraton — Mozori-Sharif» temir yo‘l yo‘nalishi 2011 yilda foydalanishga topshirilganidan buyon boshqarishdagi faoliyatidan «to‘liq mamnun». Bu haqda 12−14 aprel kunlari Termizda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha «O‘zbekiston temir yo‘llari» matbuot xizmati xabarida aytiladi.

Delegatsiyalarga tomonlarda «O‘zbekiston temir yo‘llari» boshqaruvi raisi o‘rinbosari v. b. Akmal Kamolov hamda Afg‘oniston Temir yo‘llari boshqarmasi raisi Baxturrahmon Sharafat rahbarlik qildi.

Foto: «O‘zbekiston temir yo‘llari».

Avvalroq afg‘on OAVlari ARA «Afg‘oniston manfaatlarini hisobga olmasdan tuzilgan» mamlakat temir yo‘l vokzallari faoliyati to‘g‘risidagi kelishuvni qayta ko‘rib chiqish niyatida ekani haqida xabar bergan edi.

Shanba kuni Afg‘onistonning TOLO News telekanali ham 75 km uzunlikdagi «Hayraton — Mozori-Sharif» yo‘nalishining texnik masalalarini boshqarish asta-sekin Afg‘oniston nazoratiga o‘tishini ma’lum qildi. Telekanal Baxturrahmon Sharafatga tayanib, bu davlatning yuk tashishdan tushadigan daromadlarini oshirishini xabar qildi. ARA rahbarining aytishicha, O‘zbekistonga 10 maydan keyin liniyani ishlatishdan daromadni Afg‘oniston olishni boshlashi haqida xabarnoma yuborilgan.

ARA saytida delegatsiyaning O‘zbekistonga bo‘lajak tashrifi haqidagi xabarda temir yo‘l sohasidagi kelishuvlarni bekor qilish muhokama qilinishi rejalashtirilgan masalalar ham borligi aytilgan.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ quyidagilarni ma’lum qildi: «Uchrashuvda mehmonlar OAVda Afg‘oniston „O‘zbekiston temir yo‘llari“ AJ bilan hamkorlikni to‘xtatishni rejalashtirayotgani haqidagi yolg‘on ma’lumotni rad etdi. Bundan farqli o‘laroq, B.Sharofat ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va uni yanada kengaytirish rejasini alohida ta’kidladi».

«2021 yilning ikkinchi yarmidagi vaziyatni hisobga olsak, Afg‘onistonda temir yo‘l yuk aylanmasida sezilarli pasayish kuzatildi. 2022 yilning birinchi choragida amalga oshirilgan hamkorlikdagi ishlar tufayli yuk aylanmasi hajmi o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga (1,1 mln tonnadan ortiq) yetdi», — deyiladi xabarda.

ARA xabarida «Hayraton» stansiyasida yuklarning to‘planib qolishi ularning buzilishiga olib kelgani muammosi haqida so‘z bordi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonlar vagonlarni tushirishni tezlashtirish, shuningdek, «Naybobot» va «Mozori-Sharif» stansiyalarini qayta tiklash ishlarini jadallashtirish uchun mavjud imkoniyatlardan birgalikda foydalanish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Foto: ARA.

Afg‘oniston tomoni «Hayraton — Mozori-Sharif» liniyasini boshqarish bo‘yicha kelishuvga ko‘ra O‘zbekiston kompaniyasi yiliga 18 ln dollar olishi, mahalliy kompaniyalar esa ushbu mablag‘ning 25 foiziga xuddi shunday ishlarni bajarishga tayyorligini ma’lum qildi. TOLO News xabariga ko‘ra, Afg‘oniston hukumatining ushbu yo‘nalishdan oladigan daromadi oyiga 2,5 mln dollardan 4 mln dollargachani tashkil etadi.

Afg‘oniston delegatsiyasi Termizda Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi va Termiz lokomotiv deposi qoshidagi yosh afg‘on temiryo‘lchilari malaka oshirayotgan o‘quv markazida ham bo‘ldi. Afg‘onistonlik mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish uchun Afg‘onistondagi «Hayraton» stansiyasi negizida o‘zbekistonlik temiryo‘lchilar bilan birgalikda dala o‘quv markazi tashkil etish rejalashtirilgan.

Afg‘oniston delegatsiyasi infratuzilmani, ayniqsa, temir yo‘l loyihalarini amalga oshirish muhimligini alohida ta’kidladi, chunki bugungi kunda Afg‘oniston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish vektorlaridan biri Markaziy Osiyoning Janubiy Osiyo bilan integratsiyalashuvi loyihalarida ishtirok etishdan manfaatdorlik hisoblanadi.

Muzokaralarning alohida nuqtasi «Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘li qurilishi loyihasini jadallashtirish bo‘ldi. Xususan, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tezroq tayyorlash uchun marshrut bo‘ylab dala ekspeditsiyasini tashkil etish va o‘tkazish tafsilotlari muhokama qilindi.

Afg‘oniston importining qariyb yarmi, shuningdek, gumanitar yuklarning salmoqli qismi «Hayraton» orqali o‘tadi. O‘tgan yil oxirida «O‘zbekiston temir yo‘llari» Afg‘onistondan yuk tashish hajmini oshirish rejasini e’lon qilgan edi. 2021 yilda Afg‘onistondan temir yo‘l orqali 32,4 ming tonna (564 vagon) yuk (quruq mevalar, kartoshka, mandarin va talk) tashildi. Bunda ushbu yukning qariyb 16 ming tonnasi O‘zbekistonga, 13,8 ming tonnasi Qozog‘istonga, 2570 tonnasi Rossiyaga mo‘ljallangan.