Taniqli siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov hibsga olingan va Toshkentdagi tergov izolyatorida saqlanmoqda. Bu haqda dushanba kuni jurnalist Ilyos Safarov xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, siyosatshunosning oilasi 17 apreldan buyon u bilan aloqaga chiqa olmagan. Rabbimovning qarindoshlari u 15:00 da uydan chiqqanligini aytgan.

«Hozirgina Kamoliddin aka bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldim. Telefondagi suhbatimiz qisqa, 5−6 soniya davom etdi. Kamoliddin akani aytgan gapi shunday bo‘ldi: „Panelniy»daman, 15 sutka“. Demak, ayni paytda Kamoliddin Rabbimov xalq tilida „Panelnыy“ deb ataluvchi vaqtincha saqlash hibsxonasida qolmoqda» — deb yozdi jurnalist.

IIV bayonoti

IIV matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosov 17 aprel kuni Toshkent shahrining Shayxontohur tumani «Chaqar» mahallasida o‘tkazilayotgan sanitariya-profilaktik tadbirlar jarayonida, Kamoliddin Rabbimov xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning faoliyatiga asossiz aralashib, ularning ishiga to‘sqinlik yaratib, qonuniy talablarini bajarmaganini bildirdi.

Holat yuzasidan Kamoliddin Rabbimovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 (mayda bezorilik), 194 (IIO xodimining qonuniy talabini bajarmaslik) va 195-moddalari (IIO xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish) bilan materiallar rasmiylashtirilgan. Hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Shayxontohur tumani sudiga yuborilgan.

Kamoliddin Rabbimov (1974 y.t.) — O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bitiruvchisi. U shuningdek O‘zbeksiton prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ham tahsil olgan. Siyosat falsafasi sohasida Varshava universitetida ilmiy tadqiqotlar olib borgan.

2001−2005 yillarda prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida ishlagan, «Ijtimoiy fikr» sotsiologik tadqiqotlar markazida ilmiy xodim, Fuqarolik jamiyatini tadqiq qilish instituti katta ilmiy xodimi bo‘lib faoliyat yuritgan.

2007 yildan buyon Fransiyada ilmiy va ijodiy tadqiqotlar olib borgan. Bir necha oylar oldin O‘zbekistonga qaytgan edi.

Kamoliddin Rabbimov OAVda O‘zbekistondagi oppozitsiya, Afg‘oniston, YeOII, Qozog‘iston, shuningdek Ukrainadagi urush va O‘zbekistonning ushbu masaladagi pozitsiyasi bo‘yicha tez-tez OAVga chiqish qilib turardi.