Surishtiruvchi jurnalistlar xalqaro konsorsiumi (ICIJ) 3 oktabr kuni 14 ta ofshor ro‘yxatga oluvchilarning 11,9 mln atrofidagi (qariyb 3 terabayt) hujjatlarini o‘zida mujassam etgan «Pandora Arxivi»ni (The Pandora Papers) e’lon qildi.


Arxivda O‘zbekiston bilan bog‘liq bo‘lgan 60 dan ortiq shaxslarning ismi-shariflari keltiriladi. Ijtimoiy tarmoqlarda ular orasida bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakovning rafiqasi Nodira Umurzakova va qaynotasi Marlen Azizov ham borligiga e’tibor qaratildi.

Shu jumladan, 2020 yil 23 yanvar holatiga ko‘ra uy bekasi hisoblangan Nodira Marlenovna Umurzakova (1974 y.t.) Britaniyaning Virjiniya orollarida 2014 yil yanvarida ro‘yxatdan o‘tgan Aslett Investments Limited kompaniyasining benefitsiar egasi sifatida ko‘rsatilgan.

Orginfo.uz servisi ma’lumotlariga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosarining turmush o‘rtog‘i va kompaniya mahalliy korxonalarda ulushga ega emas.

Aslett Investments Limited kompaniyasining yana bir benefitsiar egasi sifatida Nodira Umurzakovaning otasi, bosh vazir o‘rinbosarining qaynotasi Marlen Azizov (1938 y.t.) ko‘rsatilgan.

O‘z vaqtida Chinoz uy-joy qurilish kombinati bosh direktori bo‘lgan Marlen Azizov 2012 yildan 2016 yilga qadar Britaniyaning Virjiniya orollarida tashkil etilgan Zarubezhvodstroy Limited, Alastor International Limited, Coribridge International Limited, Cannonford International Limited va Hartswood Estates Limited kompaniyalarining ham benefitsiari hisoblanadi.

ITSV munosabati

«Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati Marlen Azizovning «90 yillar boshidan Rossiya Federatsiyasi va Yevropa mamlakatlarida — turli xil tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganini» ma’lum qildi.

«M.Azizovning qizi N.Umurzakova hech qachon tadbirkorlik faoliyatini bilan shug‘ullanmagan va chet eldagi biron-bir aktiv yoki mulkning egasi yoki benefitsiari bo‘lmagan. Pandora hujjatlari ma’lumotlar bazasida uning ismining mavjudligi M. Azizovning oilasi a’zosi bo‘lganligi bois noto‘g‘ri ko‘rsatilgani bilan izohlanishi mumkin. Hozirda ushbu noaniqlikning sabablari o‘rganilmoqda», — deyiladi xabarda.

Ro‘yxatda, shuningdek, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning turmush o‘rtog‘i Rano Ramatovaning nomi ham keltirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «bu axborot yolg‘on bo‘lib, haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi». OCCRP esa mamlakatdagi yirik biznes loyihalaridan birida uning maxfiy rolini qayd etgan.

Shu kunlarda Rost24 bosh muharriri Anora Sodiqova «Pandora arxivi»dagi O‘zbekistonning yana bir vakili, tadbirkor Jahongir Usmonov haqidagi maqolani «tahdid va bosimlar tufayli» olib tashlashga majbur bo‘lganini ma’lum qildi. «Ezgu maqsad» jamg‘armasi matbuot xizmati qayd etishicha, Rost24 jurnalistining savollariga javob berilgan. Jamg‘arma bemorlarining shaxsiy ma’lumotlari, shifokorlarning siri va konfeditsial ma’lumotlar, shuningdek, tashkilotning ichki siyosati bilan bog‘liq savollarga javob berilmagan.

Ofshor kompaniyalar nima uchun kerak?

OCCRPning yozishicha, offshor tuzilmalardan jamoat manfaatiga xizmat qiladigan, biroq shubhali bo‘lgan turli xil qonuniy maqsadlarda ham foydalanish mumkin.

Korporatsiyalar ulardan soliqlarni minimallashtirish, keraksiz og‘ir tartibga soluvchi talablarni chetlab o‘tish yoki o‘z aktivlari xavf ostida bo‘lishi mumkin bo‘lgan korrupsiyalashgan huquqiy tizim xavfidan o‘zlarini himoya qilish uchun foydalanadi.

Boy odamlar meros jarayonini ta’minlash yoki qimmat ajralish jarayoni sodir bo‘lgan taqdirda, o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun offshor kompaniyalardan foydalanishi mumkin.

Shu bilan birga, ushbu tuzilmalar noqonuniy daromadlarni yashirishga imkon beradi, deb ogohlantiradi yillar davomida «landromatlar» «o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi kir yuvish xonalari — tahr.) deb nomlanuvchi pul yuvishning bir nechta yirik sxemalarini fosh qilgan OCCRP.