Buxoro amirining yozgi qarorgohi — Sitorai Mohi Xossa tarixiy majmuasida restavratsiya ishlari qo‘yilgan talablar buzilgan holda noto‘g‘ri bajarilgan, deb xabar berdi 15 aprel kuni Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi.

O‘rganish davomida ta’mirlash-restavratsiya loyihalari maxsus Ilmiy-ekspert kengashi bilan kelishilmagani, tegishli ruxsatnomalar olinmagani va yana bir qator talablar qo‘pol ravishda buzilgani ma’lum bo‘ldi. Natijada majmuadagi restavratsiya ishlari noto‘g‘ri olib borilgani tufayli saroyning bir qator qismi tarixiy va badiiy ahamiyatini butkul yo‘qotgan.

Xususan, majmuaning badiiy bezaklari, naqshlari, koshinlari nobud qilinib, tarixiy va badiiy qiymatiga jami 28 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi.

Agentlik o‘rganish ishlarini huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yubordi. Holat yuzasidan mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lumot uchun, Sitorai Mohi Xossa Buxoro amirlarining yozgi saroyi hisoblanib, asosiy binolar amir Mir Sayyid Olimxon (1911−1920 yillar) hukmronligi davrida qurilgan. Hozirda muzey sifatida faoliyat yuritayotgan majmuaga yiliga 158 ming (shundan 63 ming nafari xorijiy) sayyoh tashrif buyuradi.

Senat fevral oyida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda qonunchilikka kiritiladigan moddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilishni kuchaytirishga oid o‘zgartishlarni ma’qullagan edi. Unda obyektlarga katta miqdorda zarar yetkazish og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazilishi belgilangan.