O‘zbekiston hukumati 2022−2026-yillarda Qoraqalpog‘iston hududlarini komleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini tasdiqladi.

Dasturda 2022 yilga mo‘ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy vazifalar belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra Turkmaniston bilan chegaradosh Shumanay tumanida erkin sanoat zonasini tashkil etish, eksport uchun 20 ta eng istiqbolli ishlab chiqarish korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, «Yangi O‘zbekiston» massivlarini qurish, qurigan Orol dengizi tubida 100 ming gektarda daraxtlar ekish va boshqa ko‘plab ishlar amalga oshiriladi.

Bank kreditlari va tadbirkorlarning tashabbuskorlik mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘istonda paxta maydonlarini tomchilatib sug‘orish texnologiyalari bilan qamrab olishni 25 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Qoraqalpog‘istondagi 288 ta madaniy meros obyektini inventarizatsiyadan o‘tkazib, avariya holatida, restavratsiya va holati qoniqarli kabi toifalarga ajratib, ularning ro‘yxatini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni yaxshilash bo‘yicha ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash va ogohantirish uchun 1 dona mobil mammograf uskunasini xarid qilish, qolaversa, 12 ta tuman tibbiyot birlashmalariga kompyuter tomografiya apparatlarini yetkazib berish reja qilingan.

2022−2026 yillarda quyidagilar rejalashtirilgan:

  • hududiy yalpi mahsulot hajmining yillik o‘sish sur’atini 2022 yildagi 6,1 foizdan 2025 yilda 9,6 foizga, 2026 yilda 8,8 foizga yetkazgan holda 30,6 trln so‘mdan 42,4 trln so‘mga — ya’ni 1,5 baravarga oshirish;
  • sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlarini 5,4 foizdan 14,1 foizgacha ko‘targan holda 18,3 trln so‘mdan 31,7 trln so‘mga — ya’ni 1,5 baravarga oshirish;
  • budjet daromadlarini 1,4 baravarga 2 trln 356 mlrd so‘mdan 3 trln 335 mlrd so‘mga oshirish;
  • ishsizlik darajasini 2022 yildagi 9,3 foizdan 2026 yilda 6,9 foizgacha kamaytirish;
  • kambag‘allikni bosqichma-bosqich 50% ga kamaytirish (yillik 6,9−12%ga qisqarish);
  • 45 ta kichik sanoat zonalarini tashkil etish;
  • eksport hajmini 2022 yildagi 154,9 mlnn dollardan 2026 yilda 500,3 mln dollargacha oshirish;
  • 3200 kmga suv ta’minoti tarmoqlarini cho‘zish;
  • kanalizatsiya tizimini 2022 yildagi 19,9 foizdan 2026 yilda 40,8 foizga yetkazish darajasini ta’minlash va 484,2 km kanalizatsiya tarmog‘ini qurish;
  • 4974,2 km elektr tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish;
  • 2024 yilda asosiy moliyalashtirish (170,3 mlrd so‘m) hisobidan umumiy uzunligi 96,1 km bo‘lgan 284,3 mlrd so‘mlik 550 ta issiqlik ta’minoti tizimi obektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish;
  • 348 ta ko‘prik qurish va tiklash;
  • 362,4 ming gektar maydonda yashil maydonlar yaratish;
  • yuqori tezlikdagi internet qamrovini 42 foizdan 100 foizgacha oshirish;
  • 59 ta yangi maktab qurish, 172 tasini rekonstruksiya qilish va 153 ta maktabni mukammal ta’mirlash, jami 384 ta maktab.

Dasturda shahar va tumanlarning ixtisoslashuvi, «o‘sish nuqta"lari va drayver sohalari belgilangan:

  • Nukus shahrida — qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoatini rivojlanitish;
  • Amudaryo tumanida — to‘qimachilik sanoati va bog‘dorchilikni rivojlantirish;
  • Beruniy tumanida — qurilish materiallari ishlab chiqarish, chorvachilik va meva-sabzavotchilikni rivojlantirish;
  • Bozatau tumanida — chorvachilik va meva-sabzavotchilikni rivojlantirish;
  • Kegeyli tumanida — to‘qimachilik sanoati, parrandachilik va sabzavotchilikni rivojlantirish;
  • Qonliko‘l tumanida — to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish;
  • Qorao‘zak tumanida — qurilish materiallarini ishlab chiqarish va chorvachilikni rivojlantirish;
  • Qo‘ng‘irot tumanida — neft-kimyo sanoati va chorvachilikni rivojlantirish;
  • Mo‘ynoq tumanida — baliqchilik, chorvachilik, turizmni rivojlantirish va artemiyani qayta ishlash;
  • Nukus tumanida — issiqxonalar tashkil qilish, meva-sabzavotchilik va baliqchilikni rivojlantirish;
  • Taxiatosh tumanida — oziq-ovqat sanoati va issiqxona sohalarini rivojlantirish;
  • Taxatko‘pir tumanida — chorvachilik va baliqchiliu sohalarini rivojlantirish;
  • To‘rtko‘l tumanida — meva-sabzavotchilik va xizmatlar sohalarini rivojlantirish;
  • Xo‘jayli tumanida — meva-sabzavotchilik, chorvachilik hamda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish;
  • Chimboy tumanida — donni qayta ishlash va chorvachilikni rivojlantirish;
  • Shumanay tumanida — to‘qimachilik sanoati, moyli ekinlarni yetishtirish va chorvachilikni rivojlantirish;
  • Ellikqal’a tumanida — turizm va uzumchilikni rivojlantirish.