Vazirlar Mahkamasining 12 apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini aniqlash va berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, JSHSHIRni aniqlash va berish tartibi to‘g‘risidagi ma’muriy reglament tasdiqlandi.

1 iyundan boshlab shaxsiy identifikatsiya raqamini berish bo‘yicha davlat xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.

Quyidagi holatlarda identifikatsiya raqami beriladi:

  • O‘zbekistonda tug‘ilgan barcha shaxslarga tug‘ilganlikni qayd etish jarayonida;
  • chet davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga esa identifikatsiya ID-kartasi berilganda;
  • chet davlat fuqarosiga O‘zbekiston hududida vaqtincha bo‘lib turganda yoki o‘z faoliyatini ishonchli vakili orqali amalga oshirayotganda;
  • fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga biometrik harakatlanish hujjati rasmiylashtirilganda;
  • chet davlatda vaqtincha yoki doimiy yashaydigan O‘zbekiston fuqarolari, ularning farzandlari, chet davlat fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga.

Qolaversa, jismoniy shaxsning elektron talabnomasi ham shakllantiriladi.

Qaror bilan Davlat personallashtirish markazi va AKT vazirligiga tegishli hamkor takshilotlar bilan 1 iyunga qadar JSHSHIRni berish bo‘yicha axborot tizimlarini integratsiya qilish vazifasi yuklatilgan.

O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari orqali chet davlatlar jismoniy shaxslarining ma’lumotlarini onlayn ravishda tekshirish bo‘yicha veb-servis ishlab chiqib, uni «Elektron hukumat» tizimi maxsus platformaga integratsiya qilinadi.

Avvalroq, 9 apreldan boshlab jismoniy shaxslar to‘lov hujjatlariga soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) o‘rniga JSHSHIRni ko‘rsatishlari kerakligi haqida yozgandik.

Ma’lumot uchun, JSHSHIR fuqarolik pasportida ko‘rsatilgan bo‘lib, u pastki qatorda joylashgan va 14 ta raqamdan iborat. Ushbu raqam ID kartaning orqa tomonida «Shaxsiy raqam / Personal number» yozuvi ostida ko‘rsatilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 iyuldan jismoniy shaxslarga STIR berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish amaliyoti bekor qilingandi.