2022 yilning yanvar-mart oylarida 2014 kg go‘sht va go‘sht mahsulotlari, 3583 kg ichki organlar iste’molga yaroqsiz deb topilgan va yo‘q qilingan. Bu haqda Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi tashxis ishlari va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i O‘tkir Otaboyev O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi choragi davomida respublika dehqon bozorlariga keltirilgan 2 ming tonnadan ortiq qoramol, 9 ming tonnadan ortiq mayda shoxli mol va 3 ming tonnadan ortiq boshqa hayvonlar, jumladan, ot, parranda go‘shtlari veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tkazilgan.

O‘tkir Otaboyevning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtga go‘sht mahsulotlari asosan viloyatlardan kirib keladi. Viloyatlarda hayvonlarni so‘yish uchun maxsus kushxonalar tashkil etilgan. U yerda mollar so‘yilib, birlamchi veterinariya vrachi ko‘rigidan o‘tkaziladi. Shuningdek, qonunda belgilangan hujjatlar to‘ldirilib, shu asosida muhrlanadi va poytaxtga yuboriladi.

«Aylanma yo‘llar bilan ham go‘sht mahsulotlarini olib kirish holatlari uchraydi. Bu go‘sht mahsulotlari asosan umumiy ovqatlanish maskanlariga, noqonuniy ishlaydigan ovqatlanish shoxobchalari va oshxonalariga tarqatiladi. Bunaqangi go‘shtlar bozorlarga sotish uchun kiritilmaydi», — dedi u.

Veterenariya boshqarmasi vakili ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan eshak so‘yish bilan bog‘liq muammoli holatlarga ham to‘xtalib o‘tib, eshakni biror kushxonaga olib borib so‘yish, muhrlatish kabi holatlar yuz bermaganini ta’kidladi.

Uning ma’lum qilishicha, eshaklar asosan uy sharoitida yoki chekka hududdalarda yashirincha yo‘llar bilan so‘yilib, poytaxtga olib kelish holatlari aniqlanmoqda. «Eshak go‘shti bilan boshqa halol hisoblangan go‘shtlarning farqini mutaxassislar ko‘rib aniqlay oladi. Oddiy aholi buni ajrata olmaydi», — dedi u.

Mutaxassis eshak go‘shtini suyaklari, old oyoq tuyoqlaridan bilib olish mumkinligini aytib o‘tdi.