1 sentabrdan raqobatga qarshi harakatlarni sodir etgan kompaniyalarga moliyaviy jarimalar qo‘llaniladi. Bu prezidentning 8 apreldagi tadbirkorlik muhitini yaxshilash to‘g‘risidagi farmonida ko‘zda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda moliyaviy jarimalarning aniq miqdorlari va ularni qo‘llash tartibini nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish topshirildi. Undirilgan moliyaviy jarimalar summasi to‘liq Davlat budjetiga yo‘naltiriladi.

Farmon bilan 1 sentabrdan boshlab, raqobatga qarshi harakatlarni sodir etgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan quyidagilar uchun moliyaviy jarimalarni qo‘llash nazarda tutilgan:

  • tovar va moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi kelishuvlar (kelishib olingan harakatlar) va iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish;
  • tovar va moliya bozoridagi ustun (monopol) mavqeni hamda yuqori muzokara ustunligini suiiste’mol qilganlik, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlik va insofsiz raqobat;
  • xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘shib yuborishda, qo‘shib olishda va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) sotib olish bo‘yicha bitimlar tuzishda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik;
  • ommaviy savdolarda raqobatga zid harakatlar amalga oshirganlik va monopoliyaga qarshi talablarni buzganlik.

Hujjatda raqobatga qarshi boshqa harakatlar uchun ham javobgarlikni belgilash topshirilgan.

Farmon bilan oxirgi kalendar yilida tovarlar (xizmatlar)ni sotishdan tushgan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining 10 ming baravaridan oshmaydigan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar yoxud shaxslar guruhini (tabiiy monopoliya subyektlari, davlat xaridlari va birja savdolari ishtirokchilari, mahsulotlarining narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan xo‘jalik yurituvchi subyektlardan tashqari) tovar yoki moliya bozorlarida ustun mavqe egallagan deb e’tirof etmaslik hamda ularga nisbatan monopoliyaga qarshi choralarni qo‘llamaslik belgilandi.

1 sentabrdan boshlab quyidagilar uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda:

  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan xomashyo, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishini (ko‘rsatilishini) noqonuniy cheklash;
  • litsenziyalash, ro‘yxatga olish, akkreditatsiyadan o‘tkazish va ruxsat berish vakolati berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari, yuridik shaxslar birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish;
  • monopoliyaga qarshi organ talabiga ko‘ra, zarur hujjat va axborotlarni taqdim etmaganlik, noto‘g‘ri yoki yolg‘on ma’lumotlar taqdim etganlik.

Xususiy sektorni keng jalb qilish hamda eksklyuziv huquqlarni bekor qilish orqali mavjud monopoliyalarni bartaraf etish chora-tadbirlari (ular hozircha e’lon qilinmagan) belgilandi.

Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun raqobat shartlari tenglashtirilmoqda: 1 maydan boshlab tadbirkorlik subyektlariga teng sharoitlarni yaratish uchun cheklangan subyektlarga tatbiq etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari tarmoqlardagi barcha subyektlar uchun (ro‘yxat hozircha e’lon qilingani yo‘q) tatbiq etilmoqda.

Farmonda 1 iyuldan bojxona bo‘yicha imtiyozlarni faqatgina O‘zbekiston qonunlari asosida taqdim etish qat’iy qilib ko‘rsatilgan. Shuningdek, alohida soliq va bojxona imtiyozlarini (ushbu ro‘yxat ham e’lon qilinmagan) bosqichma-bosqich bekor qilish belgilangan.

O‘zbekistonning xalqaro shartnomalari bo‘yicha 1 iyulga qadar ma’qullangan va O‘zbekiston tijorat banklari orqali qayta moliyalashtiriladigan yoki qayta kreditlanadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari (qarzlari, kreditlari) hisobidan olinadigan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilinadi. Mazkur norma tijorat banklari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida yangi tuziladigan bitimlar (rasmiylashtirish shakli va usulidan qat’iy nazar) asosida olinadigan tovarlarga (xizmatlarga) tatbiq etiladi.

2023 yil 1 yanvardan boshlab Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan har yili Oliy Majlis Senatiga axborot beriladigan Raqobat rivojlanishi indeksi joriy qilinadi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat xizmatlari va funksiyalarini bajarishga xususiy sektorni keng jalb etishni jadallashtirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.