Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, tadbirkor Komil Allamjonov Uzmetronom.com sayti asoschisi Sergey Yejkov ustidan huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida xabar berdi.

«Xabaringiz bo‘lsa, shu yilning 21 fevral kuni Sergey Yejkov o‘zining Uzmetronom.com saytida „Brilliantovыy malchik“ sarlavhasi ostida maqola e’lon qilindi. Unda meni 4 mln 200 ming dollarlik tilla taqinchoqlarni O‘zbekistonga noqonuniy olib kirishda sherikchilikda ayblagan. Bu juda jiddiy ayblov — bu Jinoyat kodeksining 182-moddasi „Bojxona to‘g‘risidagi qonunlarni buzish“ og‘ir jinoyatini sodir etish. Vaholanki, bu g‘irt tuhmat va to‘qima ertakning o‘zginasi.», — deb yozadi Komil Allamjonov.

«Yejkov bilan shaxsan tanish emasman, lekin 2016 yilga qadar odamlar orasida u go‘yoki ayrim maxsus xizmatlarning buyurtmalarini bajarib kelgan, ma’lum shaxslarning obro‘siga putur yetkazish quroli sifatida ishlatib kelingan, degan gaplar yuradi. Albatta, men buni aniq bilmayman», — dedi u.

Sergey Yejkov. Foto: «Fergana.Ru».

«Men advokat bilan maslahatlashgan holda, o‘z haq-huquqimni himoya kilish maqsadida Sergey Yejkov ustidan arz qilib, huquqni muhofaza kiluvchi organlarga murojaat qildim. Huquqshunoslarning ta’kidlashicha, agar Yejkov o‘z maqolasida ko‘rsatgan holat bo‘yicha dalil-isbot keltira olmasa, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi, 3-qismi „a“ bandi (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin va u qonun oldida javob berishi lozim bo‘ladi», — dedi Komil Allamjonov.

Tadbirkorning qo‘shimcha qilishicha, u tergov va sudga masalaning mohiyati bo‘yicha barcha to‘liq ma’lumotlarni taqdim etishga tayyor.

«Brilliant bola»

Uzmetronom.com saytining 21 fevraldagi materialida qayd etilishicha, dizayner Juletta Gurman 17 fevral kuni «Aeroflot» aviakompaniyasi reysi bilan Moskvadan Toshkentga tashrif buyurgan hamda mamlakatga qiymati 4,2 mln dollar bo‘lgan oltin va brilliant olib kirishga uringan.

«Juletta xotirjam edi, chunki unga juda nufuzli shaxs uni Toshkentda shaxsan kutib olishi va taqinchoqlarni olib ketishi va’da qilingandi. Biroq, sinchkov o‘zbek bojxonachilari undan yukini ko‘rsatishni so‘raganida, xonimning qattiq jahli chiqdi», — deyiladi maqolada.

Juletta Gurman. Foto: Afisha.uz.

Muallifning yozishicha, ayol «nufuzli shaxs»ga qo‘ng‘iroq qilib chaqirgan, shundan so‘ng «Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov» aeroportga yetib kelgan.

«Xorijiy manbaga ko‘ra (bu yerda Uzmetronom.com saytida Eltuz.com saytiga giper havola bor — tahr.), u darhol aeroport rahbariyatini yig‘ib, oltin va olmoslar sotish uchun emas, sovg‘a uchun olib kelinganini tushuntirgan. […] Shundan so‘ng, jamg‘armaning ishonchli vakili zargarlik buyumlarini yig‘ib, xotirjam jo‘nab ketdi», — deyiladi xabarda.

Eltuz.com saytida «Allamjonov 4,2 million dollar tillani chegaradan qanday olib o‘tdi?» sarlavhali material 23 fevralda e’lon qilingan bo‘lib, ma’no jihatidan Uzmetronom.com saytidagi xabarga mos keladi. Yakunda ta’kidlanishicha, ushbu material birinchi marta Eltuz Telegram-kanaliga joylashtirilgan, u yerda 20 fevral kuni O‘zbekistonga olib kirilayotgan zargarlik buyumlari haqidagi post paydo bo‘lgan.

Eltuz.com resursi o‘zini «liberal demokratik qadriyatlar, so‘z erkinligi, ilg‘or va jamiyatni yaxshi tomonga o‘zgartirmoqchi bo‘lganlar platformasi» deb ta’riflaydi. O‘zbekiston hududida bu sayt faqat VPN orqali ochiladi.

Eski mojarolar

Komil Allamjonov nomi ostidagi materiallar Uzmetronom.com saytida vaqti-vaqti bilan asosan, tadbirkorlik faoliyati, unga nisbatan xorijlik jurnalistlar tomonidan olib borilgan tekshiruvlar va avvalroq yangi lavozimlarga tayinlanishi bilan bog‘liq vaziyatlarda paydo bo‘lib turadi. «Juda qobiliyatli yigit. Ëmon narsalarga» nomli materialda, Komil Allamjonov o‘zining shaxsiy tijorat manfaatlarini ilgari surish uchun ma’muriy dastaklardan foydalanishda katta tajribaga ega", deya qayd etilgan.

Tadbirkor, o‘z navbatida, o‘zining «Allamjonov aybdor» avtobiografik kitobida nashr bosh muharriri Sergey Yejkovni qayta-qayta tilga olgan, xususan, uni «Parpiyevning jiyani» sifatida «tayinlagan» deb da’vo qiladi.

«Mening familiyam resurs sahifalarini tark yetmadi, mening har bir qadamim Sergey Aleksandrovich tomonidan chiroyli va badiiy tarzda taqdim etildi, uning uslubi hamisha ajoyib bo‘lgan, lekin materiallarda faktlar kam bo‘lardi», — deb Islom Karimovning prezidentlik davrini eslaydi Komil Allamjonov o‘zining kitobida.