Osiyo taraqqiyot banki Surxondaryo (111 km) va Buxoro (87 km) viloyatlaridan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun 273,8 mln dollar miqdorida qarz mablag‘larini ajratadi. Bu haqda 4 aprel kuni qabul qilingan prezidentning Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida aytiladi.

Ajratilgan qarzdan:

  • 183,8 mln dollari — «4P105 „Darband — Boysun — Elbayon“ avtomobil yo‘lining 5−7 km va 4P100 „Manguzar — Jaraqo‘rg‘on — Bandixon — Oltinsoy — Denov“ avtomobil yo‘lining 128−174 km qismlarini rekonstruksiya qilish» loyihasini amalga oshirishga;
  • 90 mln dollari — «A380 „G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu“ avtomobil yo‘lining 228−315 km (87) qismini rekonstruksiya qilish» loyihasini yakunlashga sarflanadi.

Loyihani amalga oshirish muddati 6 yil (4 yil imtiyozli davrini inobatga olgan holda 2022−2027 yillar) etib belgilandi.

«Milliy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish» loyihasining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, OTBning qarz mablag‘laridan maqsadli foydalanish yuzasidan mas’ul ijro etuvchi organ Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi hisoblanadi.

Surxondaryo loyihasi bo‘yicha:

  • qurilish-montaj ishlari hududiga tushgan yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli yer uchastkalari va ularda joylashgan ko‘chmas mulk obyektlarining davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi Vazirlar Mahkamasining tegishli [911-son] qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
  • jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash respublika va Surxondaryo viloyati hokimligining markazlashtirilgan jamg‘armalari hisobidan hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa manbalar hisobidan kompensatsiya qilinadi;
  • jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlar belgilangan tartibda to‘liq qoplangandan so‘ng ularga tegishli yer uchastkalari Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan zaxira yerlar toifasiga o‘tkaziladi hamda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tizimidagi unitar korxonalarga belgilangan tartibda doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi.

Ma’lumot uchun, Ma’lumot uchun, fevral oyi oxirida Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish va yangilash uchun 273,8 mln AQSh dollari miqdorida kredit ajratishni ma’qullagani haqida yozgan edik. Lekin unda Surxondaryodagi Darband — Denov yo‘lining 106 kilometrini (prezident qarorida 111 km) yangilash nazarda tutilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo taraqqiyot banki o‘tgan yili dekabr oyida Buxoro, Miskin, Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi 465 kilometrlik temir yo‘l liniyasi elektrlashtirish uchun 162 mln dollarlik kredit ajratgandi.

Avvalroq, OTB O‘zbekistonda 2025 yilgacha umumiy qiymati $2,8 milliardlik 27 ta loyihani amalga oshirishi haqida yozgan edik.