1 aprel kuni Moskvaning Shelepixinskaya naberejnaya ko‘chasida joylashgan «Serdse stolitsы» turar joy majmuasi qurilish maydonida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari ommaviy mushtlashdi. TASSning huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbasiga tayanib xabar berishicha, 120 kishi politsiyaga olib ketilgan.

«Jabrlanganlar yo‘q. Mojaro ishtirokchilari tergov o‘tkazish uchun hududiy ichki ishlar bo‘limlariga olib ketildi. Hodisaning dastlabki sababi maishiydir», — deya qo‘shimcha qildi agentlik suhbatdoshi.

«Hozirda qo‘lga olingan shaxslar Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 20.1-moddasi 2-qismi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Sud organlari fuqarolarni ma’muriy hibsga olish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Politsiya xodimlari huquqbuzarlarni Rossiya Federatsiyasidan deportatsiya qilish uchun sudga arizalar tayyorlamoqda», — dedi TASSga Rossiya IIV poytaxt bosh boshqarmasi matbuot xizmati.

Moslenta.ru`ning ma’lum qilishicha, ommaviy janjalda 60 nafar tojikistonlik va 70 nafar o‘zbekistonlik qatnashgan. Hodisa aks etgan videoni joylagan Baza Telegram-kanali esa video izohida janjalga tojikistonlik ishchining o‘zbekistonlik ishchini «ahmoq» («durak») deb atagani sabab bo‘lganini keltirib o‘tgan.

«Dunyo» axborot agentligining xabar berishicha, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi vaziyat nazorat ostida ekani, Rossiyaning tegishli tuzilmalari bilan aloqalar davom ettirilayotganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, konsullik bo‘limi janjalda 120 nafarga yaqin kishi qatnashgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Boshqa odamlar shunchaki turib, mushtlashuvni tomosha qilgan. «obyekt yopiq, ko‘chadan NO‘P orqali kiriladi», — deyiladi xabarda.

Keyinchalik, O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ish beruvchi vakillari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga tayanib aniqlik kiritishicha, hozirgi vaqtda 41 nafar tojikistonlik va 85 nafar o‘zbekistonlik mehnat migranti hibsga olingan. Ularning 20 nafariga nisbatan deportatsiya qilish chorasi qo‘llanishi kutilmoqda.

«Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi Elchixona bilan birgalikda vakolatli tashkilotlar orqali mazkur masalani ijobiy hal etish choralarini ko‘rmoqda», — deyiladi xabarda.

Agentlik xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlardan ushbu davlat qonunlariga rioya qilishni, nizoli vaziyatlarga aralashmaslikni, muammoli yoki nizoli vaziyatlarda vakolatli organlar hamda mamlakatimizning ushbu davlatdagi diplomatik idoralariga murojaat qilishni so‘radi.