Toshkentning Olmazor tumanida joylashgan «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi va uning tarkibidagi «Shon-sharaf» davlat muzeyiga kirish vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi va «Shon-sharaf» muzeyida ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. Shu munosabat bilan 6 apreldan 30 aprel kuniga qadar tashrif buyuruvchilar uchun kirish vaqtinchalik to‘xtatildi.

Mazkur bog‘ 2018 yil o‘zining tarixiy joyiga qaytarilgan general-mayor Sobir Raximovga atab qo‘yilgan haykal yaqinida joylashgan.

Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan bog‘ qurish tashabbusini 2018 yilning kuzida mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan edi.

«Bu bog‘ xalqimizning G‘alabaga qo‘shgan hissasini aks ettirishi, otalarimiz va bobolarimiz qahramonligini abadiylashtirishi kerak», — deya ta’kidlagan edi davlat rahbari.

«Gazeta.uz» bog‘ning ochilishi uchun ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida fotoreportaj tayyorlagan edi.