2022 yilning mart oyida inflyatsiya ko‘rsatkichi 1,5 foizni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida ma’lum qilindi.

Yillik nisbatda (2021 yilning mart oyiga nisbatan) esa bu ko‘rsatkich 10,5 foizni teng bo‘ldi. Fevral oyida iste’mol sektoridagi inflyatsiya ko‘rsatkichi 0,51 foizni, yillik nisbatda esa 9,69 foizni tashkil qilgandi.

O‘tgan oylarga nisbatan inflyatsiya ko‘rsatkichi. Manba: Davlat statistika qo‘mitasi.

Mart oyida ham narxlar va tariflar oshishi bo‘yicha yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli bo‘lib, oy davomida ularning narxlari o‘rtacha 2,5 foizga oshdi. Yillik hisobda esa ushbu mahsulotlar 14,5 foizga qimmatlashgan.

Ma’lumot uchun: fevral oyida inflyatsiya ko‘rsatkichi 0,51 foizni, oziq-ovqat mahsulotlari esa 0,6 foizga, yillik nisbatda esa 13,1 foizga oshgan edi.

Nooziq-ovqat mahsulotlatlarining oylik inflatsiyasi 1,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, aholiga pullik xizmatlar narxi ushbu oyda 0,4 foizga ko‘tarilgan. Oziq-ovqat (2,5%) hamda nooziq-ovqat mahsulotlarining (8,2%) yillik inflatsiyasida o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, pullik xizmatlarning (6,5%) yillik inflatsiyasi fevral oyidagi darajada saqlanib qolgan.

Alohida turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha

Ushbu mahsulotlar orasida narxlarning o‘sishi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich shakarga tegishli bo‘ldi. Mart oyida shakar narxi 12,8 foizga, 2021 yilning mart oyiga nisbatan esa 36,6 foizga qimmatlagan.

Shuningdek, mart oyida bug‘doy uni 2 foizga, sut narxi 2,5 foizga, kungaboqar yog‘i 3,1 foizga, paxta yog‘i 2,1 foizga oshgan.

Ushbu oyda tuxum narxi 0,9 foizga, suyakli mol go‘shti 0,1 foizga, guruch 0,4 foizga arzonladi.

Tuxum narxining o‘zgarishi haqida

Iqtisodchi va «Gazeta.uz» kolumnisti Mirkomil Xolboyev o‘zining Telegramdagi sahifasida ushbu mavzuga to‘xtaldi.

Uning yozishicha, tuxum eksportiga vaqtinchalik cheklov o‘rnatilganidan buyon tuxum narxi pasayuvchi trendni namoyon qilmoqda.

«Masalan yil boshidan buyon tuxum narxi 3,7 foizga pasaygan. Ya’ni qaysidir ma’noda tuxum eksportining cheklanganligi ichki bozorga o‘z ta’sirini o‘tkazyapti deyish mumkin», — dedi iqtisodchi.

Uning qayd etishicha, haqiqatdan ham dekabr hamda yanvar oylarida eksportning cheklanishi ichki bozorga ta’sir qilgan hamda tuxumning mavsumiy taklifi kamayishiga qaramasdan, narxlarning pasayishiga sabab bo‘lgan edi. Xususan, 2021 yil dekabr oyida tuxum narxi 0,3 foizga pasaygan. Taqqoslash uchun, 2020 hamda 2019 yilning dekabr oyida tuxum narxni mos ravishda 3,5% hamda 7% qimmatlagan edi. Yanvar oyida ham xuddi shu tendensiyani kuzatishimiz mumkin.

Ushbu tendensiya fevral oyiga kelib o‘zgargan, «ya’ni tuxum narxi pasayishda davom etayotganiga qaramasdan, oldingi yillar bilan taqqoslaganda narx pasayishi ancha sekin bo‘lgan».

Bu tendensiyani mart oyida ham kuzatish mumkin. Xususan joriy yilning mart oyida tuxum narxi 0,9 foizga pasaygan. Taqqoslash uchun: 2021 hada 2020 yillarning mart oyida tuxum narxi mos ravishda 2,6 va 3,5 foizga arzonlashgan.

«Tuxum eksportiga qo‘yilgan cheklov natijasida ishlab chiqaruvchilar (ya’ni tuxum yetishtiruvchilar) o‘zlarining kelajakdagi qarorlarini qisqa muddatda o‘zgartirishgan bo‘lsa, ya’ni kutilayotgan foydaning kamayishi ortidan tuxum yetishtirishga investitsiyani kamaytirishi (yoki potensial tadbirkorlarning sohaga kirmasligi) bundan tashqari mavjud tuxum yetishtirish darajasini ham pasaytirishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, unda qabul qilingan vaqtincha qarorning oqibatlari yomon bo‘ladi», - deb yozdi Mirkomil Xolboyev.

Iqtisodchining fikriga ko‘ra, agar yuqoridagi keltirgan faraz to‘g‘ri bo‘lib chiqsa, unda kelayotgan oylarda eksportning vaqtincha cheklangani tufayli iste’molchilar alternativ holatga nisbatan qimmatroq pul to‘lashga majbur bo‘ladi.

Avvalroq, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tuxum eksportiga nisbatan cheklov haqiqatda joriy qilinganini bildirib, buni vaqtinchalik chora deb atagandi.