Vazirlar Mahkamasining «Ichki ishlar organlari patrul-post xizmati faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. Hujjat IIV tomonidan Taraqqiyot strategiyasi asosida ishlab chiqilgan.

Loyihaga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan boshlab ichki ishlar organlarida bosqichma-bosqich «E-patrul» tizimi joriy etilib, tekshirish uchun fuqaroni ichki ishlar bo‘limiga olib borish amaliyotidan voz kechiladi.

Buning uchun barcha ma’lumotlar joyida planshet orqali tekshirilib, patrul-post xizmati xodimlari faoliyati «bodikamera»dan foydalangan holda amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Quyidagilar Patrul-post xizmati saf bo‘linmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida huquqbuzarliklar sodir etishda gumon qilinayotgan fuqarolar va boshqa shubhali shaxslarni elektron identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovasiga muvofiq tasdiqlanadi:

  • «E-patrul» tizimidan foydalanish tartibi;
  • Patrul-post xizmati xodimlari harakatlarini qayd etuvchi texnik vositalardan foydalanish tartibi;
  • Bodikameralar orqali qayd etilgan ma’lumotlarni hisobga olish va saqlash tartibi;
  • «E-patrul» tizimidan foydalanishda xodimning majburiyatlari.

Hujjat qabul qilinsa, IIV uch oy muddatda planshet orqali shaxsni biometrik identifikatsiya qilishda foydalaniladigan «E-patrul» dasturiy kompleksining texnik topshirig‘i, dasturiy ta’minoti va mobil ilovasini ishlab chiqadi. Uni «Kiberxavfsizlik markazi»da davlat standartlarida o‘rnatilgan talablar bo‘yicha ekspertizadan o‘tkazadi.

Nizomga muvofiq ichki ishlar organlari, xususan patrul-post xizmati xodimlarining «Ye-patrul» tizimi, planshet va bodikameralardan foydalanish tartibi yuzasidan o‘quv mashg‘ulotlarini tashkillashtiriladi.

«E-patrul» tizimi faoliyatini raqamlashtirishda zarur kompyuter va boshqa uskunalarni xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni IIVning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish ko‘zda tutilgan.

Hukumat qarori loyihasi doirasida jamoatchilik muhokamasi 15 aprelga qadar davom etadi.