«Adolat» SDP markaziy apparati boshqarma boshlig‘i Gulniso Saidova «Ochiq budjet» (openbudget.uz) portalida mablag‘ ajratishga ovoz berish jarayonini «tilanchilik» deb atadi. Uning maqolasi partiya rasmiy saytida e’lon qilindi.

Gap «Ochiq budjet» portalining «Tashabbusli budjet» bo‘limi orqali fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, bog‘cha hamda maktablarni ta’mirlash va jihozlash kabi masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy budjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari mumkinligi haqida ketmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «XXI asr — buyuk texnologiyalar asri, lekin, buyuk texnologiyalardan „o‘zgacha“ maqsadlarda foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda».

«Meni va men kabi ko‘pchilik boshqa yurtdoshlarimizni XXI asrda o‘ylab topilgan yangicha bir kashfiyot e’tiborimizni qaratmoqda — „tilanchilik“. Bu tilanchilik o‘zlariga qadrdon bo‘lgan tashkilot, maktab, bog‘cha va hokazolar uchun davlatning mablag‘ ajratilishi uchun tilanchilikdir», — dedi Gulniso Saidova.

Uning fikricha, «eshitilishi qo‘pol bo‘lsa ham bu baribir tilanchilik deyiladi».

«Bu o‘ylab topilgan tizimmi, innovatsion g‘oyami farqi yo‘q. Yurtdoshlarimiz davlat tomonidan ajratilishi aytilgan mablag‘ni yutib olishga o‘quvchi, talaba, ota-onalarga hattoki, tanish va notanishlarga iltimos qilib ovoz berishlariga majbur bo‘layotganliklarini ko‘ryapmiz. Buning oqibatida hatto shu masalada ham yana o‘sha tanish bilishchilik yoki ko‘z bo‘yamachilikka sabab bo‘lib qolmaymizmi?!», — deya savol bilan yuzlangan u.

Partiya boshqarma boshlig‘i «aslida, prezident qo‘yayotgan talab qanday edi-yu, bu ijroda qanday ko‘rinishda amalga oshirilayotganini» so‘roq ostiga olgan.

Bundan tashqari, u bu muammoni yozishiga sabab bo‘lgan voqeani ham keltirib o‘tgan.

«Kuni kecha „Xalqlar do‘stligi“ san’at saroyiga konsertga borgandim. Sal vaqtliroq borganim uchun ko‘chadagi skameykada konsert boshlanishini kutib o‘tirgan edim. Bir vaqt yonimga o‘rta yoshli notanish kishi kelib o‘tirdi. Bu noqulaylikdan o‘ng‘aysizlanib, turib ketishga endi harakat qilayotganimda bu odam uzr so‘rab gapirib qoldi», — deya so‘zlab berdi u.


Gulniso Saidovaning so‘zlariga ko‘ra, galstuk taqqan, ko‘rinishidan ziyoli odam quyidagicha iltimos bilan murojaat qilgan: «Men maktab direktoriman, maktabimizning sport zali o‘ta ta’mirtalab bo‘lib qolgan, davlat mablag‘larini to‘g‘ri yo‘naltirish bo‘yicha tenderda qatnashyapmiz, qancha ko‘p ovoz to‘plasak ta’mirlash uchun zarur mablag‘ni yutib olishimiz mumkin. Iltimos, shunga o‘z raqamingizdan ovoz berib yuborsangiz».

«Men uzr so‘rab, o‘z ovozimni allaqachon boshqa maktabning ta’mirlanishi uchun berib bo‘lganimni aytdim. U kishi yana bir bor uzr so‘rab uzoqlashdi. Nima uchun o‘quvchilar va talabalarning ta’limi, tarbiyasi bilan shug‘ullanishi kerak bo‘lgan mas’ullarni ovoz to‘plash uchun tilanchilarga aylantirishimiz kerak?», — dedi partiya vakilasi.

Uning ta’kidlashicha, aslida, bu kabi muammolarni aniqlash va zarur mablag‘larni aynan o‘sha joyga yo‘naltirish bo‘yicha shug‘ullanuvchi maxsus idora va tashkilotlar bor.

«Nega bu muammolar yechimini topish «o‘ziga hos uslub»da xalqning o‘ziga qolib ketmoqda?! «Xalq ravnaqi uchun xizmat qiladi» deb o‘ylangan uslub davlatga, hukumatga nisbatan xalqning ishonchsizligini keltirib chiqarmayaptimi?! Shu va shunga o‘xshash masalalarda, albatta, mas’ul qilib belgilangan tegishli tashkilotlar o‘zining pozitsiyasini, ishbilarmonligini namoyon etishni bilishi kerak», — dedi Gulniso Saidova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, «o‘z vazifalarini bajarmayotgan amaldorlar buni tan olib, o‘z joylarini vatanparvar kadrlarga bo‘shatib berishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi».

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2021 yil 13 apreldagi [PQ-5072] qarori bilan fuqarolar budjetni shakllantirish jarayonlarini nafaqat nazorat qilishi, balki budjet mablag‘larini shakllantirish jarayonidan boshlab ularni sarflashda qatnashishi uchun ham imkoniyat yaratildi.

Shunga muvofiq, 2021 yilning iyul oyida O‘zbekiston moliya vazirligi yangilangan «Ochiq budjet» portalini (openbudget.uz) ishga tushirdi. Plaftormada «Tashabbusli budjet» bo‘limi ham yaratildi. Ushbu platforma va undan foydalanish tartiblari haqida «Gazeta.uz» qo‘llanma ham tayyorlagandi.

Tashabbusli budjetlashtirish yoki partisipator budjetlashtirish — bu aholining budjet mablag‘larining aniq qismlarini sarflash maqsadida tashabbuslarni ilgari surishi orqali mahalliy boshqaruvda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishi.


Openbudget.uz sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning 1 yanvaridan 31 martga qadar «Tashabbusli budjet»ga 1 trln 115 mlrd 830 mln so‘m ajratilgan. Uni sarflash yuzasidan 69700 ta taklif kelib tushgan va shundan 40277 ta tashabbus tasdiqlangan, 29 423 tasi esa rad etilgan. Tashabbuslar yuzasidan barcha berilgan ovozlar 5 mln 910 ming 234 mingtani tashkil etmoqda.