“Elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida"gi prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjat Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tomonidan ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, elektromobillarni olib kirish va ulardan xususiy, budjet tashkilotlari, davlat korxonalari va jamoat transporti ehtiyojlarida foydalanishni kengaytirish ko‘zda tutilmoqda.

Bunda elektromobillarni respublika hududida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va 2030 yilga borib respublikada sotilayotgan avtotransport vositalarining kamida 15 foizini elektromobillar tashkil etishiga erishish maqsad qilingan.

Qaror loyihasiga muvofiq, vazirliklar, idoralar, budjet tashkilotlari, mahalliy xokimiyat organlari hamda ustav kapitalida davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan korxonalar xizmat avtomobillari parkining 2025 yilga qadar kamida 10 foizigacha, 2030 yilga qadar 100 foizi bosqichma-bosqich elektromobillarga almashtiriladi.

Bunda, mazkur bandda nazarda tutilgan tashkilotlar tomonidan 2022 yildan boshlab xarid qilinadigan transport vositalarining kamida 20 foizi elektromobillar bo‘lishi talab etiladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Transport vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va “O‘zavtosanoat” bilan birga ikki oy muddatda tez tibbiy yordam mashinalarini 2023−2026 yillarda elektr dvigatellarda harakatlanadigan maxsus transport vositalariga almashtirish dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilanmoqda.

Prezident qarori loyihasi muhokamasi 9 aprelga qadar davom etadi.