23 mart kuni Toshkent viloyatida «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparkining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripova va mamlakatda ishchi tashrif bilan bo‘lib turgan Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov ishtirok etishdi. Bu haqda Tatariston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi. Texnopark Qozondagi «Ximgrad» texnopolisi bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Marosimda Abdulla Aripov texnopark Navro‘z bayrami kunlarida ochilganligi hamda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikkitomonlama munosabatlarning qayta uyg‘onishi va yangi bosqichi siymosi ekanligini ta’kidladi. Bosh vazir bu Tatariston bilan hamkorlikning misoli ekanligini ham qayd etdi.


Foto: president.tatarstan.ru.

Hukumat rahbari yaqin yillarda texnoparkda O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan 100 dan ortiq mahsulotlar ishlab chiqarilishi, kamida 2200 ta ish o‘rinlari yaratilishini qo‘shimcha qildi. «Texnoparkdagi ish sharoitlari blian nafaqat Rossiyadan, balki Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va boshqa davlatlardagi hamkorlar ham qiziqishmoqda. Texnopark barcha uchun ochiq», — dedi u.

Rustam Minnixanov Tataristonning plastik ishlab chiqaruvchi «VR-Plast», o‘simliklarni himoya qilish vositalari ishlab chiqaruvchisi «Bionovatik» va biologik faol qo‘shimchalarni ishlab chiqaruvchi «Naturalnoye zdorove» kompaniyalari texnoparkning birinchi rezidentlari bo‘lishini e’lon qildi.

Marosim yakunida Toshkent hokimiyati va Tatariston hukumati o‘rtasida 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha «yo‘l haritasi» imzolandi. Shuningdek, Chirchiq hokimligi va Tataristonning Nijnekamsk munitsipal tumani o‘rtasida hamkorlik bo‘iycha memorandum imzolandi. Shu yerda «Chirchiq» texnoparki rezidentlarining mahsulotlari ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi.


Rustam Minnixanov va Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev. Foto: president.tatarstan.ru.

Marosimdan oldin tomonlar O‘zbekiston va Tatariston hududlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi. Asosiy masalalar orasida KAMAZ yuk avtomobillarini yetkazib berish hamda avtobus va elektrobuslarni yetkazib berishni ko‘rib chiqish, «Nijnekamskshina» shina mahsulotlarining keng assortimentini realizatsiya qilish va «Tatneft» AYOQSH tarmoqlarini kengaytirish muhokama qilindi.

Chirchiqdagi industrial parkni tashkil etishga tayyorgarlik 2018 yilda boshlangan edi, deyiladi Tatariston prezidenti matbuot xizmatining xabarida. Qaror 2021 yilda Rustam Minnixanovning O‘zbekistonga tashrifi doirasida tasdiqlangan edi. Joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston prezidenti texnopark Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi hududining hamda «Maksam-Chirchiq» korxonasining metalli natriy ishlab chiqarish sexining jami 31,24 gektar maydonida tashkil etilishini nazarda tutgan qarorni imzoladi.

Yuqorida ta’kidlangan korxonalarning binolari va qurilmalari «O‘zkimyosanoat» kompaniyasining balansiga o‘tkazildi va uning «Chirchiq kimyo-industrial» parki direksiyasi ustav kapitalidagi ulushi sifatida kirdi. Texnoparkning ishlash muddati uzaytirish imkoniyati bilan 30 yil qilib belgilangan.

Texnopark hududida maxsus iqtisodiy zonalar uchun o‘rnatilgan alohida soliq, bojxona va valyuta rejimlari amal qiladi. Shu bilan birga, qarorda ko‘rsatilganidek, Soliq kodeksi va «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi qonun bilan belgilangan soliq imtiyozlari, hamda bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar texnopark ishtirokchilari, direksiyasi va texnoparkning investitsion faoliyatini boshqaruvchi kompaniya tomonidan kiritilgan investitsiyalar hajmidan qat’i nazar 10 yilga beriladi.

Texnopark faoliyatining asosiy yo‘nalishlariga yuqori qiymatga ega bo‘lgan, tashqi bozorda xaridorgir va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish uchun investitsiyalarni keng jalb qilish, shuningdek, xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, atrof-muhit muhofazasini ta’minlashga qaratilgan va ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish kiradi.

2021 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Tatariston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 200 mln AQSh dollarini tashkil etdi. Ikkala davlatning vazirliklari, savdo-sanoat palatalari, korxonalari, tashkilotlari va OTMlari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha qator kelishuvlar va memorandumlar imzolangan.