O‘zbekiston musulmonlar idorasi Umra ziyoratini qisman sayyohlik firmalari orqali tashkil etish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Bunga fuqarolarning Umra ziyoratiga bo‘lgan talab va istaklari sabab bo‘lganligi aytildi.

Ma’lum qilinishicha, 20 mart kuni, «Umra-2020» mavsumida safar xarajatlarini to‘liq amalga oshirgan, lekin «COVID-19» pandemiyasi sababli ziyoratga bora olmagan o‘zbekistonliklarning oxirgi guruhlari Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketadi. Shu bilan, pandemiya sababli ziyoratga bora olmay qolgan 23 ming fuqarolarni Umra safariga yuborish ishlari to‘liq yakunlanadi, deyiladi xabarda.

Oldinroq Saudiyadagi «COVID-19» pandemiyasi bilan bog‘liq o‘rnatilgan karantin talablari asta-sekin yumshatilib, ayrim davlatlarga Umra ziyoratini amalga oshirishga ruxsat berilgan edi. Bu mehmonxona va boshqa turdagi xizmatlarga talab oshishiga, xususan, Umra tadbirlarining narx-navosiga ta’sir ko‘rsatishiga sabab bo‘lishi haqida ma’lumot berilgan edi.

Musulmonlar idorasi hamkor shirkat vakillari bilan Ramazon oyida tashkil etiladigan Umra ziyorati yuzasidan muzokaralar olib borilganini va belgilanadigan narx bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

«Ramazon oyida Saudiya Arabistonidagi mavjud sharoitdan kelib chiqib, xizmat ko‘rsatish narxlari oshayotgan bo‘lsada, sa’y-harakatlar natijasida Shavvol oyida (Ramazon oyidan keyin) Umra mavsumining oxirigacha ziyoratchilarning safar xarajatlari uchun amaldagi mavjud qiymat saqlab qolinadi», — deyiladi idora xabarida.

Umra safarining qiymati haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.

2020 yilning fevral oyida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Muzaffar Komilov qo‘mita tomonidan Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasidan O‘zbekiston fuqarolariga Umra vizasini mustaqil taqdim etmaslik yoxud xususiy shirkatlar orqali murojaat qilgan shaxslarning so‘rovini qanoatlantirmaslikni so‘ralmaganligini ta’kidlagan edi.

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Umra ishlarini tashkil etishda Saudiya Arabistonining Al Hidoya Hajj, Umrah & Tourism kompaniyasi bilan hamkorlik qilib keladi. Ushbu hamkorlik 2008 yili boshlangan, o‘tgan vaqt ichida Umra ishini tashkil etishda boshqa xorijiy shirkat yoxud mahalliy turfirmalar muntazam ishtirok etmagan.