Ijtimoiy tarmoqda Samarqand shahridagi «Golden Kids» xususiy bolalar bog‘chasida bolalarga igna tiqib, azob bergan tarbiyachi haqida xabarlar tarqaldi.

Unda aytilishicha, tarbiyachi bolalarni uxlatish va ularga o‘z gapini o‘tkazish uchun ularga igna tiqib, qo‘rqitgan.

Holat yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB Tergov bo‘limining o‘rganishlariga ko‘ra, ushbu holatni «Golden Kids» xususiy bolalar bog‘chasida ishlovchi 1992 yilda tug‘ilgan pastdarg‘omlik tarbiyachi ayol voyaga yetmagan bolalarga nisbatan sodir etganligi aniqlandi, deyiladi viloyat IIB xabarida.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi «a», «v» bandlari (voyaga yetmagan yoki ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsni muttasil ravishda do‘pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov xarakatlari olib borilmoqda.

Viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi holatga munosabat bildirib, o‘rganish ishlari olib borilayotganini, keyinroq batafsil ma’lumot berilishini ta’kidladi.