Juma kuni «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.

Kengash yig‘ilishida «Umra-2022» Ramazon mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hamkor shirkat mas’ullari bilan o‘zaro muloqot olib borildi. Ramazon va Shavvol oylari uchun yangi shartnoma loyihalari ishlab chiqildi.

Shuningdek, hozirgi kunda Saudiya Arabistonida mehmonxona va boshqa turdagi servislarga talab oshgan, xususan, Ramazon oyida tashkil etiladigan Umra tadbirlari narx-navoga ham ta’sir ko‘rsatadi. Idora bu holatlar o‘zbekistonliklar uchun Umra safari narxlarining ham oshishiga sabab bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilindi.

«O‘z navbatida, hamkor shirkat tomonidan Saudiyada karantin talablari yumshatilgani sababli dunyo mamlakatlaridan umra ziyoratiga keluvchilar sonining keskin oshib ketishi, bu esa mehmonxona ijarasi narxining sezilarli ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi, transport, oziq-ovqat, viza to‘lovlarini hisobga olgan holda har bir ziyoratchi uchun belgilangan to‘lov summasiga qo‘shimcha to‘lov qilinishi ma’lum qilingani aytildi», — deyiladi idora xabarda.

Yig‘ilishda mazkur holatlar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilingani ma’lum qilingan.

Ma’lumot o‘rnida, 17 mart holatiga 21 mingdan ortiq ziyoratchi Saudiya Arabistoniga jo‘natilib, ulardan 16 ming nafardan ziyodrog‘i umra amallarini to‘liq ado etib qaytgan. Ayni kunlarda 5600 nafarga yaqin ziyoratchi Saudiya Arabistonida bo‘lib turibdi.