Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda oilaviy shifokor punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalar faoliyati kechki 20:00 ga qadar uzaytirilishini ma’lum qildi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, hozirda statsionar tibbiy xizmatlar kunduzi soat 13:00 ga qadar ishlayotganini, shu sababli, aksariyat aholi shifokor nazorati talab qilinmaydigan kechki davo olish uchun ham shifoxonaga yotishga majbur bo‘lmoqda.

Bu borada, ya’ni birlamchi tizimda kunduzgi statsionarlar ish vaqti uzaytirilishini so‘rab 500dan ortiq murojaatlar kelib tushgan.

«Shu bois, oilaviy shifokor punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 gacha uzaytiriladi. Ularda ishlaydigan shifokor va hamshiralar ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi», — dedi prezident.

Bundan tashqari, 2022 yil 1 maydan boshlab:

  • barcha ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda bolalar bo‘limi tashkil etiladi;
  • 17 mingdan ziyod tibbiyot brigadalariga yana qo‘shimcha 8,5 mingta bolalar hamshirasi va doya (akusher) shtatlari beriladi.
  • 2022 yil 1 iyuldan boshlab 3−15 yoshli bolalarga yod preparatlari davlat tomonidan bepul tarqatiladi.