Navro‘z bayrami kuni Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida kechasi va ertalab ba’zi joylarda biroz qor yog‘adi. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent viloyatida kunduzi biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Navoiy viloyatining shimolida biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi kuchsiz sovuq saqlanib turadi, kunduz kuni harorat +10, +15 daraja iliqgacha ko‘tariladi.

22 martda O‘zbekiston bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida biroz yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati kechasi 0, +5 daraja iliqni, kunduzi +10, +15 daraja iliqni tashkil etadi.

23 martda O‘zbekiston hududiga Volga bo‘yi hududlaridan yana nam va sovuq havo kirib kelishi kutilmoqda, respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, faqat shimolda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kunduz kungi harorat +4, +9 daraja iliq bo‘ladi.

Ushbu kunlarda respublikaning tog‘li hududlarda qor ko‘chishi xavfi bor.