Juma kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqoti mobaynida mazkur uchrashuvga uzoq tayyorgarlik ko‘rilganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri. Murojaatlar davomida ham shifokor, ham bemorlarning fikrlari tinglangan.

«Ular orasida alohida ahamiyatga molik bo‘lgan yana bir muhim masala ko‘tarilgan bo‘lib, ijozatingiz bilan, avvalo shu haqda to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bu masala sog‘liqni saqlash tizimining huquqiy asoslarini rivojlantirish, aholi, ayniqsa, millatimiz, xalqimizning genofondini saqlashni konstitutsiyaviy asosda alohida himoya qilinadigan sohaga aylantirish bilan bog‘liq», — dedi u.

«Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari jamiyatimizda oliy qadriyat hisoblanadi. Amaldagi Konstitutsiyamizning 40-moddasida „Har bir kishi malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega“, deb belgilab qo‘yilgan. Ishonchim komil, biz xalqimiz sog‘lig‘ini saqlash sohasida ulkan maqsad va vazifalarni oldimizga qo‘yayotgan hozirgi sharoitda, ushbu konstitutsiyaviy moddaning o‘zi yetarli emas», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi zamonning o‘zi tibbiyot tizimining konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamlashni talab etmoqda.

«Shuning uchun Asosiy qonunimizda milliy sog‘liqni saqlash tizimini aholi salomatligini sifat jihatidan yaxshilashga xizmat qiladigan yuksak malakali zamonaviy sohaga aylantirish masalasi ham, hech shubhasiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan konstitutsiyaviy qoida sifatida o‘z ifodasini topishi zarur. Aminmanki, O‘zbekiston fuqarolari qonunda, eng avvalo, Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan kafolatli tibbiy yordam turlaridan bepul foydalanish huquqiga ega», — dedi prezident.

Shu maqsadda, turli tibbiy sug‘urta shakllarini rivojlantirish uchun konstitutsiyaviy asos yaratishimiz kerakligi ta’kidlandi.

«Davlat hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi ulkan mas’uliyatni anglagan holda, atrof-muhitni asrashga qaratilgan samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishi shart. Chunki sof va toza ekologiyasiz aholi sog‘lig‘i va millat genofondini saqlash haqida so‘z yuritishdan ma’no yo‘q», — dedi davlat rahbari.

Bu boragada gapirganda, prezident avvalo, bugungi kunda salbiy ekologik ta’sirdan zarar ko‘rayotgan Orolbo‘yi mintaqasi haqida o‘ylayishini aytdi.

«Ayni vaqtda ekologiya sohasidagi huquq buzilishlari oqibatida, fuqarolar sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplab berish majburiyatini, davlat o‘z zimmasiga olishi kerak. Bu ham Bosh qomusimizda aniq-ravshan belgilanishi zarur. Shu bilan birga, Konstitutsiyamizda tibbiyot xodimlarining yuksak maqomini ta’minlaydigan qoidani ham, muhrlab qo‘yishimiz lozim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.