Toshkent shahrida fuqarolar 30 mln so‘mlik qimmatbaho toshni o‘z narxidan qimmatroq mablag‘ga sotishga uringanlikda gumonlanmoqda. Bu Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXX o‘tkazgan tezkor tadbirda aniqlandi.

Ta’kidlanishicha, fuqarolar H.X., M.S. va boshqalar 1 dona (haqiqiy bahosi 30 mln so‘m bo‘lgan) tabiiy toshni 220 000 AQSh dollariga qonunga hilof ravishda o‘tkazgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ulardan jami 4 ta tabiiy tosh hamda simob moddasi ashyoviy dalil sifatida olingan.


Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.

«Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, toshlarning sof og‘irligi 333,8 grammni tashkil etib, tarkibi rubin, kvars, flyuorit, granat, pirop va sapfir birikmalardan iborat tabiiy qimmatbaho tosh ekanligi qayd etilgan», — deyiladi xabarda.

Xabarda ta’kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.