Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi vazirlik tarkibiga qo‘shib yuborildi. Adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatovaning yozishicha, 17 mart kuni prezident tegishli farmonga imzo chekkan.

Hujjat bilan ikki agentlik vazirlik tarkibida departamentlar sifatida faoliyat yuritadi. Qo‘shilish natijasida Adliya vazirligida respublika darajasidagi rahbarlar soni 2 barobarga qisqardi va boshqaruv xodimlari soni 110 taga kamaydi.

«Vazirlik tizimidagi boshqaruv tuzilmalari 666 tadan 222 taga, bir-birini takrorlovchi vazifalar 34 foizga, funksiyalar 46 foizga qisqarmoqda. Natijada 84,5 mlrd so‘m iqtisod qilinadi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, tuman darajasida alohida faoliyat yuritadigan 4 ta tuzilma birlashtirilmoqda. Adliya bo‘limlari, DXM, FHDYO, yuridik xizmat markazlari tuman-shahar adliya bo‘limlari tarkibiga kiritilmoqda. «Demak, ma’muriy binolar, xizmat mashinalari va boshqa resurslar bo‘shaydi, iqtisod qilinadi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, vazirlik markaziy apparatidagi boshqarmalar soni ham 24 tadan 20 taga qisqartirildi.

Farmon bilan «Raqamli adliya» tizimi bunyod etiladi. «Ya’ni ayrim kadrlar qiladigan ishlarni endi avtomatlashgan tizimlar bajaradi», — deb yozadi Shahnoza Soatova.

Eslatib o‘tamiz, 7 fevral kuni vazir Ruslanbek Davletov Davlat xizmatlari agentligi tugatilib, vazirlik tarkibida alohida boshqarma sifatida qayta tashkil etilishi mumkinligini aytgandi. O‘shanda u bu g‘oya prezidentga tegishli ekanligi va buni u hal qilishini ta’kidlagandi.

Vazir shuningdek, «davlat xizmatlari tizimidagi xodimlar ham, xizmatlar ham ko‘pashini» qo‘shimcha qilgandi.

«Bizni takliflarimiz hali oxirigacha yetgani yo‘q. Qanday bo‘lsa, shunday bo‘ladi. Balki alohida tashkilot bo‘lar, o‘zi jamoatchilik agentliklarni kamaytiringlar deb bong urib yotipti. Balki kamaytirarmiz, lekin hech qachon davlat xizmatlari tizimi yo‘qolib ketmaydi, u rivojlanadi, u yerdagi xodimlar ham, xizmatlar ham ko‘payadi. [Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi] 10 yillardan keyin juda katta bo‘g‘imga aylanadi. Hamma elektron [xizmat]ga o‘tib ketadi», — dedi Ruslanbek Davletov.