16 mart kuni ertalab samolyotlar Toshkent aeroportidan ko‘tarila olmadi va unga qo‘na olmadi. Ko‘rish imkoniyati yomonlashgani sababli bir qancha mahalliy va xalqaro reyslar kechiktirildi va boshqa aeroportlarga ko‘chirildi, deb xabar qildi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Jumladan, Toshkent aeroportida quyuq tuman tufayli — ko‘rish masofasi 150 m atrofida — Turkish Airlines aviakompaniyasining bortida 259 yo‘lovchi bo‘lgan Istanbul — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha THY-368 reysi samolyoti belgilangan aeroportga qo‘na olmadi va soat 8:45 da Bishkekdagi (Qirg‘iziston) zaxira aerodromga jo‘nab ketdi.

Shuningdek, Air Cairo aviakompaniyasining Sharm-al-Shayx — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha MSC-771 reysi esa ko‘rish imkoniyati yomonligi (200 m) tufayli Navoiydagi zaxira aerodromiga jo‘nab ketdi. Bortida 172 yo‘lovchi bo‘lgan samolyot ertalab soat 9:35 da Navoiy aeroportiga qo‘ndi.

Toshkent vaqti bilan soat 10:14 da Toshkent aeroportidagi cheklovlar bekor qilindi. Ayni paytda ko‘rish masofasi taxminan 2000 metrni tashkil etmoqda. Turkish Airlines avikompaniyasining THY-368 reysi samolyoti Toshkentga soat 11:47da, Air Cairo aviakompaniyasi borti esa mahalliy vaqt bilan soat 12:07da poytaxt aeroportiga qo‘ndi.