O‘zbekiston xalq artisti To‘tixon Yusupova tabarruk 86 yoshda bandalikni bajo keltirdi, deya xabar qildi O‘zbek Milliy Akademik drama teatri.

To‘ti Yusupova 1936 yil 10 martda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomlik institutida tahsil olgan. 1957 yilda Muqimiy nomidagi o‘zbek musiqali komidiya teatri, 1958 yildan o‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat olib borgan.

«Qutlug‘ qon» (Oybek, Nuri rolida), «Boy ila xizmatchi» (Hamza, Xonzoda), «Kelinlar qo‘zg‘oloni» (Said Ahmad, Sotti), «Qiyomat qarz» (O‘.Umarbekov, Zebi) kabi o‘nlab spektakllarda rollar ijro etdi. Aktrisa kino sohasida ham samarali ijod qildi.

O‘zbekiston SSRda xizmat ko‘rsatgan artist (1970), O‘zbekiston xalq artisti (1994), «El-yurt hurmati» (2000), «Fidokorona xizmatlari uchun» (2014) va «Mehnat shuhrati» ordenlari (2020) bilan taqdirlangan.