2021 yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari (PQ-5041) doirasida ajratilgan 2,8 trln so‘mlik kreditlar muammoli holatda ekani aniqlangan. Bu haqda Hisob palatasi 2021 yil hisobotida aytilgan, deya ma’lum qildi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.

Xususan, Navoiy viloyatida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 1 trln so‘mlik kreditlar maqsadsiz ishlatilgan. Deputatning yozishicha, «Xalq banki» Nurota filiali xodimi tomonidan ukasi va turmush o‘rtog‘ining nomiga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi bo‘yicha 6 ta kredit shartnomasi bilan 136 mln so‘m kredit ajratilib, maqsadsiz ishlatilgan.

Bundan tashqari, Navoiy viloyatida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida 20 nafar jismoniy shaxsga ajratilgan 2,2 mlrd so‘mlik muammoli kreditlar o‘rganilganda, ularning 13 nafariga ajratilgan kreditlar maqsadsiz ishlatilgani aniqlangan. Xususan, o‘zaro aloqador 3 nafar fuqaroga 51 ta kredit shartnomasi bilan ajratilgan 867 mln so‘m kreditlar maqsadsiz sarflangan.

Shu bilan bir qatorda, ipoteka uchun budjetdan ajratilgan 1,1 trln so‘mlik subsidiyalardan 7959 ta uy-joy uchun bor-yo‘g‘i 240,5 mlrd so‘mi foydalanilgan.

Ma’lumot uchun, 1 yanvar holatida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilgan kreditlar qoldig‘i 11,3 trln so‘mga teng bo‘lgan.