10 mart kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov hamda Rossiya hukumati rahbari o‘rinbosari Dmitriy Chernishenko sayyohlar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini imzoladi, deb xabar berdi Rossiya hukumati matbuot xizmati.

Hujjat transport-logistika aloqalarini mustahkamlash va o‘zaro sayyohlik oqimini ko‘paytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiyada yangi turistik yo‘nalishlarni yaratishga qaratilgan.

Qo‘shma reja 20 ta tadbirni o‘z ichiga oladi. Jumladan, Rossiya va O‘zbekistonda Turizm yilini o‘tkazish, “Buyuk ipak yo‘li” transchegaraviy sayyohlik yo‘nalishini rivojlantirish va ishga tushirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, festival, gastronomik, vino, ekstremal, qishki va boshqa turizm turlari uchun maxsus sayohat paketlarini yaratish rejalashtirilgan. O‘zbekiston va Rossiya talabalari uchun o‘quv sayohatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

“O‘zbekistondagi turizm, avvalambor, o‘ziga xos arxitekturasi va tarixi, mehmondo‘st xalqi, ajoyib taomlari bo‘lgan shaharlardan iboratdir. Rossiyada ham chet ellik sayyohlarga taklif qiladigan narsalar bor. Bular Uzoq Sharq mintaqalari: Kamchatka, Saxalin hamda Oltoy, mamlakatning markaziy qismidagi tarixiy shaharlar va biz faxrlanadigan yana ko‘p narsalardir”, — dedi Dmitriy Chernishenko.