Rossiyaning Federal havo transporti agentligi (Rosaviatsiya) O‘zbekiston va yana yettita davlatga koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida ikki yil avval kiritilgan cheklovlarni bekor qildi. Bu haqda agentlik saytida xabar e’lon qilindi.

«Parvozlar Rossiya Federatsiyasi va Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Yeron o‘rtasida o‘zaro asosda havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama hukumatlararo bitimlar va aviatsiya organlarining alohida shartnomalari asosida amalga oshiriladi», — deyiladi xabarda.

Ushbu qaror 9 mart sanasidan boshlab ham muntazam, ham nomuntazam aviareyslar uchun amal qiladi.

Agentlik qo‘shimcha qilishicha, Rossiya o‘rtasida parvozlarni amalga oshiradigan aviakompaniyalar koronavirus tarqalishining oldini olish uchun sanitariya choralariga rioya qilishlari kerak.

Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi muntazam reyslar 2021 yil aprel oyida Toshkent — Moskva yo‘nalishidagi ikkita reysdan boshlab qayta tiklangandi. Shundan so‘ng, asta-sekin parvozlarning soni ko‘paydi.