Shavkat Mirziyoyev 9 mart kuni Namanganda quriladigan «Yangi Namangan» shaharchasining ikkinchi bosqichi loyihasi bilan tanishdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Shaharcha loyihasining birinchi bosqichida 330 gektar maydonda 8500 xonadonli 184 ta uy-joy barpo etildi. Shuningdek, 145 gektar maydonda kichik sanoat zonalari tashkil etilib, 10 ming yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Bugungi kunda Namangan shahrida 30 ming fuqaroning uy-joyga ehtiyoji bor. Kelgusi yillarda shahar aholisi yiliga 25 ming nafarga ko‘payishi kutilmoqda. Shu bois, Shavkat Mirziyoyev saylovoldi dasturida Namangan shahrini «bir millionlik shahar»ga aylantirish va «Yangi Namangan» shaharchasini kengaytirishni aytgan edi.

Ikkinchi bosqich loyihasiga ko‘ra, 272 gektar maydonda 20 ming xonadonga ega 171 ta ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Davlat rahbari mutasaddilarga hozir ko‘p qavatli uylarda yashayotgan odamlar va talabgorlar bilan uchrashib, ularning takliflarini olish, shu asosida loyihani tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, batafsil rejalashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.


Foto: «O‘zbekiston24» videosidan lavha.

Loyihaga ko‘ra, «Yangi Namangan» shaharchasi loyihasini amalga oshirish uchun 4 ta kompaniya jami 4,4 mln dollar (500 ming, 900 ming, 1,3 mln va 1,7 mln dollar) taklif qilgan. 94 gektar yerni auksionga qo‘yish ortidan esa 128 mlrd so‘m mablag‘ olish kutilmoqda.

«Bunday katta qurilish Namangan emas, balki O‘zbekiston tarixida birinchi marta bo‘lyapti. Shuning uchun, yana bir marta tanqidiy ko‘rib chiqib, birinchi navbatda geologiya, ikkinchidan sifat, ichidagi eshigi, oynasi… bir marta talabgorlar bilan uchrashuv qilsa yaxshi bo‘lardi. Televizorda chiqqanlaring boshqa, odamlarga tushuntirganlaring boshqa», — deb rahbarlarga yuzlandi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari shuningdek, odamlar loyihaning geologiyasi, qurilishi, sement va metallning markasi qanday bo‘lishi haqida savol berishini aytib, «ularning ko‘nglini hotirjam qiladigan ishni amalga oshirish kerakligini» ta’kidladi.


Foto: «O‘zbekiston24» videosidan lavha.

Uning qo‘shimcha qilishicha, har bir mahallada kutubxona bilan hammom, bitta savdo majmuasi, ovqatlanish obyektlari va do‘konlar qurilishi kerak.

Bundan tashqari, binolarning 1−2 qavati mahalla uchun ajratilib, davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.

Prezident u yerda ayollar, yoshlar, tadbirkorlarga, mahallalardagi profilaktika inspektorlariga va sud raislari keladigan zal bo‘lishi kerakligi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sud kelib halq bilan uchrashishi kerak. Atrofda esa sport majmualari bo‘lishi lozim.

«Mahalla bu — madaniyat, tarix, o‘zligimizni anglash degani. Shuni Namangandan boshlaylik», — dedi davlat rahbari.

Shavkatjon Abdurazzoqov. Foto: «O‘zbekiston24» videosidan lavha.

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Namangan shahrining o‘zida 30 ming xonadonga ehtiyoj mavjud. U shuningdek, «Yangi Namangan» shaharchasida «Yangi O‘zbekiston» bog‘ini barpo etish ishlari ham boshlab yuborilganini aytdi.

«Hurmatli prezidentimiz quriladigan uylarni birinchi navbatda zilzilaga bardoshliligi, ikkinchidan milliy, Namangan sharoitiga mos, sifatli qurish masalasiga alohida e’tibor berdilar. Aholiga taqdimot o‘tkazib, ularning fikrlarini olish bo‘yicha ko‘rsatma berdilar», — dedi hokim.

«Yangi O‘zbekiston» bog‘ining loyihasi. Foto: «O‘zbekiston24» videosidan lavha.

Avvalroq, Namangan viloyatida «Yangi O‘zbekiston» bog‘ini qurilishi haqida yozgandik. U Toshkent viloyatida barpo qilingani kabi O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini ifodalovchi daraxtning beshta shoxi ko‘rinishida bunyod etiladi.